Breaking News

Eron yadro dasturi yuzasidan muzokaralar so'nggi bosqichda


Eron bilan muzokaralar yakuniy pallada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Eron bilan muzokaralar yakuniy pallada

Eron yadro dasturini to’xtatishga qaratilgan xalqaro muzokaralar yangi bosqichga ko’tarildi. Yakuniy kelishuv iyulgacha imzolanishi mumkin. Ammo bu muddat yana ortga suriladi degan xavotirlar mavjud.
Atom dasturini qisqartirish maqsadida Eronni muzokara stoliga qaytarish Obama ma’muriyati tashqi siyosatda erishgan katta yutuqlardan biri sanaladi.

Bu xalqaro hamjamiyatning yakdilligi mahsuli, deydi prezident Obama.

“Muvaffaqiyatga hali ancha bor. Eron yadro qurolini qo’lga kiritmasligi uchun barcha choralar hisobda turibdi. Ammo so’ggi o’n yilda ilk bor muhim kelishuvga erishishga juda yaqin turibmiz. Bu kuch ishlatishdan ko’ra davomiyroq va samaraliroq yo’l”, - deydi AQSh rahbari.

Venada o’tgan muloqotda ijobiy siljish kuzatildi. Ammo yadro dasturining qisqartirilishi evaziga ayrim jazo choralarini bekor qilish yuzasidan hali kelishuvga erishilgani yo’q.

Shoshishga zarurat yo’q, deydi Eron prezidenti Hasan Ruhoniy.

“Muammo yaratishdan manfaatdor ayrim davlatlarga muzokaralarni buzish imkoni berilmasa ko’zlangan maqsadga erishish uchun yetarli vaqtimiz bor. Belgilangan muddatgacha kelisha olmasak, muvaqqat kelishuvni yana olti oyga cho’zishimiz mumkin. Hammasi o’z vaqtida amalga oshadi deb o’ylayman”, - deydi Eron rahbari.

Muzokaralarning cho’zilishi Obama uchun boshog’riq bo’lishi mumkin. Chunki muxolif respublikachilar Eronga qarshi yangi sanksiyalar qo’llashga chaqirmoqda, deydi Amerika universiteti professori Xillari Leveret.

“Agar yana olti oy kerak bo’ladigan bo’lsa, bu yomon xabar. Respublikachilar shu yilgi saylovlarda Senatda ham nazoratni o’rnatishi kutilar ekan, Obama uchun Kongress bilan muloqot qilish qiyin bo’ladi”, - deydi professor.

Leveretga ko’ra, prezident Kongress bilan olti oylik murosaga borishi mumkin, ammo Eron ko’proq narsa talab qilmoqda.

“Eronning maqsadi neft va gaz sanoatiga sarmoya jalb qilish. Bu kamida 10 yil talab qiladigan loyihalar. Olti oylik kelishuv bilan hech narsa qilib bo’lmaydi. Shuning uchun Obama ma’muriyati Kongress bilan sanksiyalarni bekor qilishga kelishishi lozimligini tushunib yetyapti”, - deydi professor.

Agar muloqot muddati Kongress tanaffusda bo’lgan payt uzaytirilsa, Eron yadro dasturining siyosiy ahamiyati kamayadi. Prezident shundan umidvor, deydi sobiq AQSh elchisi Adam Ereli.

“Obamaga nisbatan siyosiy bosim Eron muzokarachilari ustidagi bosimga qaraganda ancha kam”, - deydi u.

Ko’plab eronliklar iqtisodiyotni o’nglash uchun sanksiyalarning bekor qilinishini talab qilayotgan bir paytda Tehron muzokarachilari G’arbga yon bermaslik tarafdori bo’lgan konservativ guruhlar bosimiga ham uchramoqda.

“Agar ular kelishuvga erisha olmasa yoki Erondagi qarshi guruhlar ularni yon bosganlikda ayblasa, noroziliklarga duchor bo’lishlari aniq. Har ikki holatda ham ular qarshilikka uchraydi”, - deydi Ereli.

Obama ma’muriyati zimmasida Isroilni tinchlantirish vazifasi ham bor. Chunki Eronning yadro qurolini qo’lga kiritishidan eng ko’p xavotirlanayotgan davlatlardan biri bu Isroildir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG