Eron yadro dasturiga bag’ishlangan muzokaralarning asosiy qismi 24-martgacha, umumiy jarayon esa 1-iyulgacha tugashi kerak. Ham Vashington, ham Tehron muloqotning yana cho’zilishiga qarshi ekanini ta’kidlab keladi. Ammo, tahlilchilar fikricha, taraflar shunchaki diplomatik o’yin olib borayotgan bo’lishi mumkin.
Eron atom dasturiga doir xalqaro muzokaralar davom etar ekan, bu mamlakatni atom bombasi yaratish salohiyatidan ayirishga intilayotgan G’arb hamda sanksiyalarning bekor qilinishini istayotgan Tehron so’zlashuvlar 1-iyuldan keyinga cho’zilmasligi kerak, demoqda.
AQSh Prezidenti Barak Obama Germaniya Kansleri Angela Merkel bilan uchrashganida buni yana bir bor ta’kidladi.
“Shu bosqichda yakuniy kelishuvga erishilmasa, ya’ni ular yadro qurolini ishlab chiqarishga qaratilgan faoliyatini to’xtatishga rozi bo’lmasa, muloqotni davom ettirish ortiqcha deb hisolmayman,” - dedi AQSh rahbari.
Shu oy Germaniyada o’tkazilgan xalqaro xavfsizlik konferensiyasida Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif shartnoma imzolanmasa “osmon uzilib yerga tushmaydi”, deb aytdi.
"Muzokaralarni cho’zishdan bundan buyon hech kim manfaatdor emas. Jarayonni avval kechga surganimiz ham shart emas edi,” - dedi Tehron rasmiysi.
Ammo bunday fikrlarning bildirilishi aslida shunchaki diplomatik o’yin, deydi yadroviy siyosat bo’yicha mutaxassis Jeyms Ekton.
"Bu muzokara uslubi, xolos. Aslida har bir taraf boshqa tomonga shartnoma bo’yicha murosa qilish bosim qo’ymoqda”.
Ammo bunday strategiya xavfli bo’lishi mumkin, deydi tahlilchi.
“Bunday uslubning muammosi shundaki, do’q-po’pisalarga hech kim ishonmaydi,” - deydi u.
Yadroviy qurollarning tarqalmasligi bo’yicha mutaxassis Kelsi Deyvenport fikricha, AQSh ham, Eron ham o’z mamlakatlaridagi ichki bosim tufayli kelishuvga erishishni istaydi.
“AQShda “Eron vaqt yutishga urinyapti, aslida shartnoma imzolash niyati yo’q, atom bombasi bo’yicha ishlar esa maxfiy ravishda davom etyapti” degan fikr mavjud. Har ikkala taraf hukumat siyosatiga qarshi boshqa kuchlar aralashmay turib, bitimga erishmoqchi,” - deya fikr bildiradi ekspert.
Murosaga to’g’anoq bo’layotgan masala – uranning boyitilish darajasi. G’arb muzokarachilari Erondan yadroviy inshootlardan umuman foydalanmaslikni talab qilmoqda. Eron esa kelishuvga erishilsa, sanksiyalar darhol bekor qilinsin, demoqda.
Muloqot natija bermasa, har ikkala taraf ko’p narsa yo’qotadi, deydi siyosatshunos Ekton.
“Eron sanksiyalar bekor qilinmasligidan, unga qarshi harbiy chora ko’rilishi mumkinligidan zarar ko’rishi mumkin. P5+1 (BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya) ham zarar ko’radi, chunki Eron yadro dasturiga qo’yilgan cheklovlar puchga chiqadi”.
Diplomatik yechim mukammal bo’lmaydi, ammo hozirgi vaziyatda eng yaxshi yo’l shu, deydi Ekton.