Breaking News

AQSh-Eron munosabatlarini shakllantirgan voqealarga nazar


Qo'shma Shtatlar va Eron o'rtasidagi ziddiyatlar 65 yildan beri davom etmoqda. Ikki davlat munosabatlarini shakllantirgan muhim voqealarga nazar tashlasak.

1953 - AQSH MOLIYALAGAN TO'NTARISH
AQSh Markaziy razvedka agentligi Eronning demokratik yo'l bilan saylangan Bosh vaziri Muhammad Musaddiqni hokimiyatdan ag'darishga qaratilgan to'ntarish uyushtirishda yordamlashadi. Amerika quvvatlagan Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy taxtga qaytadi.

1979 - ERON INQILOBI
Inqilob natijasida shoh mamlakatdan qochishga majbur bo'ladi. Diniy yetakchi Oyatulla Xo'mayniy quvg'indan qaytib, Eronning oliy diniy rahnamosiga aylanadi.

1979-1981 - ELCHIXONAGA HUJUM
Yangi islomiy rejim tarafdorlari 1979-yilning noyabrida AQShning Tehrondagi elchixonasini egallab olib, 52 amerikalikni garovga oladi. 1980-yilgi qutqaruv amaliyoti muvaffaqiyatsiz yakunlanib, garovdagilar 444 kun davomida asirda qoladi. Ular Jimmi Karter prezidentligining yakunida, Ronald Reygan yangi prezident sifatida ishga kirishgan kun ozod etiladi.

1986 - ERON-KONTRA MOJAROSI
Prezident Reygan qurol-yarog' embargosiga qaramasdan Eron bilan maxfiy bitim bo'lganini oshkor qiladi. Eronga sotilgan qurollardan daromad Nikaraguadagi isyonchilarni moliyalashga yo'naltirilgan. Eron bilan yashirincha qurol savdosi bois Reygan ma'muriyati keskin tanqidga uchraydi.

1988 - YO'LOVCHI SAMOLYOT FOJIASI
AQSh harbiy kemasi Fors ko'rfazida Eron yo'lovchi samolyotini urib tushiradi. Undagi 290 odam halok bo'ladi. AQSh laynerni qiruvchi samolyot bilan adashtirganini tan oladi.

2002 - "YOVUZLIK O'CHOG'I"
AQSh Prezidenti Jorj Bush Eronni Iroq va Shimoliy Koreya qatorida "yovuzlik o'chog'i" deb ataydi, Tehronni maxfiy yadro dasturini yuritayotganlikda ayblaydi.

2006-2013 - SANKSIYALAR
BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi joriy etgan sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga jiddiy putur yetkazib, mamlakat valyutasi qadri keskin tushishiga olib keladi.

2009 - ILIQLIK
Yangi saylangan Prezident Barak Obama Eron xalqi va hukumatiga murojaat qilib, "mushtingizni yozsangiz, AQSh siz tomon qo'l uzatadi", deydi.

2013 - TARIXIY MULOQOT
Eronda mo'tadil Prezident Hasan Ruhoniy saylanganidan bir oy o'tib, Obama va Ruhoniy telefon orqali so'zlashadi. Bu oxirgi o'nlab yil davomida ikki davlat orasidagi eng yuqori darajadagi ilk muloqot edi.

2015 - XALQARO KELISHUV
Olti yirik davlat, jumladan AQSh, Eron bilan yadro bitimi imzolaydi. Tehron sanksiyalarning bir qismi bekor qilinishi evaziga yadroviy dasturini cheklashga rozilik beradi.

2018 - AQSH KELISHUVNI TARK ETADI
Yangi saylangan Prezident Donald Tramp Eron yadro dasturi bo'yicha xalqaro kelishuvda AQSh ishtirokini to'xtatib, sanksiyalarni tiklaydi.

APREL 2019 - TERRORCHI TASHKILOT
Qo'shma Shtatlar Eronning Islomiy inqilob posbonlari korpusini "terrorchi tashkilot" deb belgilaydi.

MAY-IYUN 2019 - TANKERLARGA HUJUM
AQSh Eronni Ummon ko'rfazidagi neft tankerlariga hujumda ayblaydi. Tehron ayblovlarni rad etadi.

IYUN 2019 - DRON
Eron harbiy kuchlari AQSh droni mamlakat havo hududiga uchib kirganini da'vo qilib, uni urib tushiradi. Vashingtonga ko'ra, uchuvchisiz apparat xalqaro suvlar ustidan uchgan.

DEKABR 2019 - IROQ VOQEALARI
Eron quvvatlovchi Hizbulloh harakati AQShning Iroqdagi harbiy bazasiga snaryadlar otib, amerikalik bir pudratchini o'ldiradi. AQSh bunga javoban Hizbulloh makonlarini havodan uradi. Bag'dodda namoyishchilar AQSh elchixonasi hududiga kirib, norozilik bildiradi.

YANVAR 2020 - ERON GENERALIGA HUJUM
Eronning "Quds" maxsus kuchlari qo'mondoni Qosim Sulaymoniy Bag'dodda AQShning dron hujumida o'ladi. Eron qasos olishga va'da beradi, shuningdek, 2015-yilgi yadroviy kelishuv shartlariga ortiq amal qilmasligini bildiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG