AQSh Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimni yangilashga chaqirar ekan, Davlat kotibi Mayk Pompeo hujjatga 12 shartni qo’shishga chaqirmoqda. Agar Tehron bu shartlarni bajarishdan bosh tortsa, Qo’shma Shtatlar uning iqtisodiyoti yirik sanksiyalar bilan nishonga olinishini bildirmoqda.
Pompeo ushbu shartlar haqida Vashingtondagi konservativ “Xeritij jamg’armasi” tahlil markazida so’zladi. Uning aytishicha, Eron yadro qurolini yaratish rejasi va faoliyatidan voz kechishi, ballistik raketalar ustida ishlashni to’xtatishi, Yaqin Sharq bo’ylab beqarorlik urug’larini sochishdan o’zini tiyishi kerak.
Agar Tehron siyosatini o’zgartirmasa, Qo’shma Shtatlar unga misli ko’rilmagan moliyaviy bosim qo’yadi, dedi Pompeo.
“Bu tarixdagi eng qattiq sanksiyalar bo’ladi. Erondagi tuzum yillar davomida Yaqin Sharqning har bir burchagida urush qilmoqda. Sanksiyalarimiz kuchga kirganidan so’ng Tehron iqtisodiyotini saqlab qolish uchun kurashadi”, - dedi davlat kotibi.
2015-yilda olti davlat Eron bilan xalqaro yadroviy bitimni imzolagach, Qo’shma Shtatlar Tehronga qo’yilgan barcha sanksiyalarni bekor qilgan edi. Tramp jazo choralarini tiklaymiz, demoqda.
Amaldagi bitimni asrab qolish maqsadida Yevropa davlatlari Eron bilan shoshilinch muzokaralar o’tkazmoqda.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, Yevropa Ittifoqining bitimga nisbatan siyosiy qo’llab-quvvatlovi kifoya qilmaydi.
Agar Britaniya, Fransiya va Germaniya Eronga moliyaviy bosimni oshirish masalasida AQShni dastaklamasa, yolg’iz Vashingtonning harakatlari katta natija bermasligi mumkin.
Facebook Forum