Qo’shma Shtatlar Eronga qarshi sanksiyalarni tiklashi haqida ma’lum qildi. Jarayon ikki bosqichda bo’ladi va Eronning energetika, bank, moliya, neft sanoatlarini nishonga oladi.
Sanksiyalar 2015-yilda Eron yadro dasturi bo’yicha xalqaro bitim imzolanganidan so’ng to’xtatilgan edi. Biroq AQSh shu yil may oyida bitimdan chiqib, endi hujjatni imzolagan boshqa davlatlarni ham shunga da’vat etmoqda.
“Eron hukumatiga bosimni kuchaytirib, xom neft savdosidan tushadigan daromadini nolga tushirmoqchimiz. Ayni damda buning jahon bozoriga salbiy ta’sirini kamaytirish ustida ishlayapmiz. Aminmizki, Eron neftisiz ham global bozorda yetarlicha yonilg’i bo’ladi”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi Brayan Xuk.
Uning aytishicha, 50 ta xalqaro kompaniya Erondan chiqishga roziligini bildirdi.
Eronda iqtisodiy ahvolning yomonlashishi natijasida ko’cha namoyishlari bo’lib o’tmoqda. Tehrondagi hukumatga muxolif kuchlar Parijda majlis qildi.
Prezident Trampning ushbu majlisda qatnashgan maslahatchisi Rudi Julianining aytishicha, sanksiyalar hali kuchga kirmasidanoq natija bermoqda.
Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni imzolagan Germaniya va Fransiya kelishuvdan chiqmoqchi emas. Rossiya va Xitoy ham shu pozitsiyada.
AQShning BMTdagi sobiq elchisi Bill Richardsonning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eronni jazolayman deb yevropalik ittifoqchilar bilan munosabatlarni buzmasligi kerak.
Yevropa bo’ylab safar qilayotgan Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bitimni saqlab qolishga harakat qilmoqda. Bu hafta u Shveysariya va Avstriyada.
Facebook Forum