Qo’shma Shtatlar Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni jonlantirish harakatida aprel oyidan beri Venada eronlik diplomatlar bilan bir necha bor muloqot qildi.
O’rtada vositachi rolini bajarayotgan Yevropa Ittifoqi vakili kelishuvga oz qolganini bidirdi.
"Muloqotning oltinchi davrasi eng oxirgisi bo’lishi aniq”, - dedi Yevropa Ittifoqidan bosh muzokarachi Enrike Mora.
Biroq AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi bu borada aniq fikr bildirmadi.
“Bu masalaga kelganda na optimistmiz, na pessimist. Maqsadlarimizni aniq bilamiz. U ham bo’lsa, muzokaralarda Eron yadro dasturini tekshirish va kuzatishga qaratilgan eng qattiq rejimga erishishdir”, - dedi Ned Prays.
Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, muzokarachilar AQSh va Eron o’rtasidagi muhim masalalarni hal qilishga muvaffaq bo’lgan, ayrim kichikroq masalalar qolgan. Biroq Vashingtondagi “Amerika taraqqiyoti markazi” tahlilchisi Brayan Katulis asl vaziyat bundan farq qilishi mumkin deya taxmin qilmoqda.
“Nazarimda, bunday optimistik gaplar haqiqiy ishonchsizlikni yashirishga qaratilgan harakat aslida. Muloqot paytida ishonchni tiklashga urinishyapti. Eronning keyingi rahbari kim bo’ladi degan mavhumlik ham bor. Eron avtoritar rahbar, oliy diniy rais Xomeneiy qo’lidagi diktatura ekan, Eron xalqi saylovdan ko’p narsa kutmasligi kerak”, - deydi Katulis.
Unga ko’ra, yadroviy bitimni jonlantirishdan oldin ba’zi o’tkir muammolarni hal qilish lozim.
“Bayden ma’muriyati “uzoqroq, kuchliroq kelishuv” haqida gapirib keladi. Uzoq muddatdagi maqsad ham shu. Erondagi harbiy inshootlarga kirish masalasida tomonlar hozircha kelisha olmayapti. Xalqaro atom agentligi ham ba’zi masalalarni ko’targan”, - deydi tahlilchi.
Shu oy Eronda bo’ladigan prezident saylovidan tashqari Isroilda uzoq yillik bosh vazir Benyamin Netanyaxusiz shakllanayotgan yangi koalitsion hukumat ham muzokaralarga ta’sir qiluvchi omillar bo’lishi mumkin. Biroq Katulis nazarida, Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni jonlantirishga qarshilikka kelganda Isroil siyosatchilari yakdil va hukumatga kim kelishidan qat’i nazar, bu yondashuv va siyosat o’zgarmaydi.
Facebook Forum