Eronda bo’lib o’tgan prezident saylovlarida konservativ siyosatchi Ibrohim Raisiy saylandi. Ayni damda AQSh va Eron diplomatlari xalqaro yadroviy bitimni jonlantirish xususida muzokara qilmoqda. Ushbu mavzu yaqinda AQSh va Rossiya rahbarlarining Jenevadagi uchrashuvida ham ko’tarildi.
“Eronda yadro qurollarining bo’lmasligi ham AQSh, ham Rossiya manfaatlariga javob beradi. Bu borada birgalikda ishlashga kelishdik”, - dedi Jo Bayden.
Muzokaralar aprel oyida boshlangan. 2015-yilda qabul qilingan bitimdan AQSh 2018-yilda chiqib Eronga sanksiyalarni yangiladi, shundan so’ng Eron o’z majburiyatlarini bajarishdan voz kechdi. Shartnoma Eron yadro faoliyatiga cheklov qo’yadi. Buning evaziga xalqaro sanksiyalar yumshatilishi kerak. AQShda prezident almashishi ketidan bitimni jonlantirishga qiziqish paydo bo’ldi.
Venadagi muzokaralar bilvosita bo’lib, AQSh va Eron diplomatlari besh mamlakat rasmiylari orqali muloqot qilmoqda.
Eron tashqi ishlar vazirining aytishicha, tomonlar Eronda yangi prezident avgust boshida ish boshlaguncha kelishuvga erishishi mumkin. Oq uy kelishuv hozircha yo’qligini bildirsa-da, muzokaralar to’g’ri yo’ldan ketayotganini ma’lum qiladi.
"Ba’zi masalalar bo’yicha kelishmovchiliklar kattagina. Xususan sanksiyalarni bekor qilish va Eronning yadroviy majburiyatlari bo’yicha. Biroq strelka to’g’ri tarafga qarab turibdi”, - deydi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.
Yakshanba kuni muzokaralarda tanaffus e’lon qilindi. Muzokarachilar o’z hukumatlari bilan maslahatlashish uchun Venani tark etdi. Muloqot qachon jonlanishi hozircha ma’lum emas.
Eronda saylangan prezident Ibrohim Raisiy Qo’shma Shtatlar sanksiyalarni bekor qilmaguncha AQSh rahbari bilan uchrashmasligini bildirdi.
"Majburiyatlaringizni bajaring, shartnomalarga amal qiling. Barcha sanksiyalarni bekor qilib, samimiy ekaningizni ko’rsating. Eronliklar yadroviy bitimni eslolmaydi, chunki xalq uning o’zi uchun foydasini ko’rmadi. AQSh va’dasini buzdi, yevropaliklar esa majburiyatlariga sodiq bo’lmadi”, - dedi Raisiy.
Facebook Forum