Qo’shma Shtatlar Livanning “Hizbulloh” partiyasi yetakchisi Hasan Nasrullohning o’g’li Javod Nasrulloh hamda “Hizbulloh”ga aloqador “Mujohidlar brigadasi” guruhini xalqaro terrorchilar ro’yxatiga qo’shdi.
AQSh Davlat departamentining bildirishicha, ularga qarshi sanksiyalar qo’llaniladi.
Qo’shma Shtatlar “Hizbulloh” va mintaqadagi boshqa guruhlar ortida Eron turishini da’vo qiladi, Tehronni ularni qurol va pul bilan ta’minlayotganlikda ayblab keladi.
“Eron har yili “Hizbulloh” ehtiyojlari uchun 700 million dollar sarflaydi, yana 100 million dollarni Falastindagi terrorchi guruhlar, jumladan XAMASga beradi. Umumiy hisobda Tehron har yili terrorizmni qo’llab-quvvatlash uchun bir milliard dollar sarflaydi”, - deydi Davlat departamentining aksil-terror idorasi rahbari Natan Seyls.
AQSh hukumati XAMASning bir, “Hizbulloh”ning esa ikki rahbarini topishda yordam berganlarga besh million dollargacha va’da qilmoqda.
“Solih Aruriy XAMAS siyosiy byurosi raisining o’rinbosari bo’lib, guruhning harbiy qanotiga asos solgan odamlardan. Ayni damda u Livanda bemalol yashab kelmoqda va Eron Inqilobiy gvardiyasining “Quds” kuchlari bilan hamkorlik qilmoqda. Aruriy XAMASning G’arbiy Sohildagi harbiy amaliyotlari uchun pul to’plagan va ularni boshqargan, terror xurujlari, o’g’irlashlarga aloqasi bor”, - deydi AQSh davlat kotibi yordamchisi Maykl Evanoff.
Qora ro’yxatdagi yana ikki odam Xalil Yusuf Harb va Haytam Ali Tabatabai.
Facebook Forum