AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pensning aytishicha, Amerika Eron xalqiga yordam beradi. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda u 2009-yilgi Eron namoyishlari paytida avvalgi ma'muriyat namoyishchilarga ko'mak ko'rsatmaganini tanqid qildi.
Eron hukumati namoyishlarni bostirish uchun mamlakat bo'ylab politsiya va xavfsizlik kuchlarini safarbar etgan. Hozirgacha 20 dan ortiq odam halok bo'ldi. Hukumat zo'ravonliklarda tashqi dushmanlarni ayblamoqda.
"Ko'chadagi odamlar xorijlik emas. Yollangan ham emas. Ular oddiy eronlik odamlar", - deydi Ratgers universiteti tadqiqotchisi Amirahmadi.
Eronliklar korrupsiya va samarasiz boshqaruvdan g'azabda. Ishsizlik yuqori, yashash sharoitlari og'irlashgan. Kuzatuvchilarga ko'ra, kuch bilan namoyishlarni bostirish mumkin, ammo diniy rejim bu holda ishlashni davom ettira olmaydi.
"Vaziyat allaqachon o'zgardi. So'nggi 40 yilda eronliklar ilk bor rejimga yakdil qarshi chiqmoqda. 2009-yilda kurash rejim ichida, ikki guruh o'rtasida edi. Hozir bunday emas.Xalq va rejim kurashyapti. Rejim nima qilayotgani haqida jiddiy o'ylab ko'rishi kerak", - deydi Amirahmadi.
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Eron xalqini Amerika to'la qo'llab-quvvatlashini aytdi.
"Umidim shuki, Eron xalqi, yoshlari, yaxshi ta'lim olgan odamlari Qo'shma Shtatlar ularning tabiiy ittifoqchisi ekanini tushunadi. Biz ularning erkin va demokratik kelajakka ega bo'lishini istaymiz", - dedi u.
U 2009-yilgi Eron namoyishlari paytida avvalgi ma'muriyat namoyishchilarga ko'mak ko'rsatmaganini tanqid qildi. U Obamaning Tehron bilan yadro kelishuviga erishganini ham qoraladi.
"Haqiqat shuki, Eron yadro kelishuvi mustahkam asosga ega emas. Bitim 10 yil bo'lgani uchun u nafaqat Eronni yadro qurolini rivojlantirishdan to'liq to'xtata olmaydi, balki 10 yildan keyin yadro qurolini yarata olishini kafolatlaydi", - dedi Pens.
Vitse-prezidentga ko'ra, Tehronga qarshi iqtisodiy jazo choralari ish bergan. Yadro bitimi esa Eron hukumatiga qo'l keldi. Uning aytishicha, yadro bitimiga, agar Tehron yadro quroli yaratishga yana harakat qilsa, iqtisodiy sanksiyalar qaytariladi, degan qo'shimcha band kiritish kerak.
Facebook Forum