Iroq “Islomiy davlat” jangari guruhi tahdidlariga duch kelishda davom etarkan, Qo’shma Shtatlar bu mamlakatda qo’shinlari sonini kamaytirish rejasiga qaramay, Iroqqa jangarilar va Eronga xayrixoh kuchlarga qarshi kurashda yordam berishga va’da bermoqda.
Iroq yangi bosh vaziri ilk bor Vashingtonga tashrif buyurdi, AQSh davlat kotibi esa bu mamlakat tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi.
Mayk Pompeoning aytishicha, ikki mamlakat iqtisodiy, gumanitar, xavfsizlik masalalarida hamkorlik qilmoqda va Qo’shma Shtatlar Iroq hukumati va xalqini bu borada qo’llab-quvvatlashda davom etadi.
Pompeo Bag’doddagi rasmiylarni Eronga xayrixoh kuchlarni jilovlashga chaqirib, qo’shimcha gumanitar yordam tariqasida 200 million dollardan ko’p pul va’da qildi.
BMT Xavfsizlik Kengashida AQShning Eronga qarshi qurol embargosini yangilash bo’yicha rezolyutsiya loyihasi o’tmagach, Pompeo Amerikaning Eronga qarshi barcha sanksiyalari tiklanishini bildirdi.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Oq uy katta maslahatchisi hamda Prezident Trampning kuyovi Jared Kushner Eron bilan bevosita muloqot ehtimolini hisobdan chiqarmadi.
“Prezident Tramp siyosatchidan ko’ra ko’proq tadbirkor kabi fikrlaydi. Siyosatchilar Eron rasmiylari bilan uchrashishdan qo’rqadi. Prezident Tramp esa uchrashishga hamisha tayyor, agar Eronning niyati jiddiy bo’lsa”, - dedi Kushner
Biroq Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiy o’tgan oy televideniye orqali uzatilgan bayonotida Tehron yadro dasturini kengaytiradi va AQSh bilan muzokara qilmaydi, deb aytdi.
Ba’zi tahlilchilar fikricha, Tramp ma’muriyati noyabrda bo’ladigan prezident saylovlaridan oldin Eron masalasida biror yutuqqa erishishga harakat qilmoqda.
Facebook Forum