Breaking News

Iroqning yangi hukumati ham Eron ta'siri ostida bo'ladi


Eronning Iroqqa ta'siri davom etadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:33 0:00

Suriyada jangarilarga qarshi kurash bobida Vashington va Tehron hamfikr. Ammo Iroqdagi yangi hukumatga AQSh emas, balki Eron ko’proq ta’sir ko’rsatish imkoniyatiga ega, deydi kuzatuvchilar.

AQSh havo hujumi yordamida Iroq xavfsizlik kuchlari mamlakatning eng muhim suv to’g’onini jangarilar qo’lidan tortib olishga muvaffaq bo’ldi. Ammo “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhini Suriya chegarasigacha surib chiqarish uchun yangi hukumat ko’proq ko’makka muhtoj, deydi AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Stiv Heydemen.

“AQSh bu jangari guruhning Iroqdagi yangi hukumat muammosi ekanini, AQSh bu ishni hal qilishni o’z zimmasiga olmasligini aniq ma’lum qilgan”, - deydi u.

Yangi bosh vazir etib tayinlangan Haydar al-Abadiy bilan uchrashgan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frenk-Uolter Steynmeyerning aytishicha, al-Abadiy Iroqning sunniy, shia va kurdlarini jangarilarga qarshi birlashtirishi kerak.

“U turli mintaqa va dinlarni birlashtirib, hukumatda barchaning manfaatlarini himoya qila olishiga umid katta. Bu juda zarur, chunki terrorchi guruhni ko’plab norozilarning qo’llab-quvvatlovidan mahrum qilishning yagona yo’li shu”, - deydi u.

Yangi hukumatni qo’llab-quvvatlash masalasini ko’rib chiqayotgan sunniy yetakchilarning aytishicha, avvalo, shialar boshqaruvidagi xavfsizlik kuchlarida islohot o’tkazish lozim.

Dulaymiy qabilasi rahbari Ali Xotim Sulaymonga ko’ra, sunniylar yuzlashayotgan muammo faqat jangarilar bilan bog’liq emas.

“Islomiy davlat” guruhi biz yuzlashayotgan yagona muammo emas. Avvalo, bosh vazir xavfsizlik va razvedka idoralarini isloh qilishi kerak”, - deydi u.

Bu esa bir tomondan Eronga bog’liq masala, chunki hozirgi vaziyatning yuzaga kelishida Eronning ishtiroki katta bo’lgan va u hanuz jiddiy ta’sir ko’rsatish imkoniyatiga ega, deydi Heydemen.

“Ular uchun Iroqda qaysi shianing bosh vazir bo’lishi ahamiyatsiz. Eron Iroqqa ta’sir o’tkazishda davom etadi. Mintaqada Bag’dodning Assad rejimini sekin, ammo davomiy qo’llab-quvvatlash siyosati ham davom etadi”, - deydi tahlilchi.

Eron nafaqat Suriya hukumatini qo’llab-quvvatlamoqda, balki Assad rejimidan Hezbulloh guruhini qurollantirishda ham foydalanmoqda.

Amerika universiteti professori Gay Zivning ta’kidlashicha, Vashington va Tehron o’rtasidagi hamkorlik bu masalada o’zgarish yasashi mumkin.

“Erondan Suriya orqali Livandagi Hezbullohga ko’plab qurol-aslaha jo’natildi. Ularning aksariyatini Isroil to’xtatib qoldi. Nazarimda, AQSh-Eron aloqalarida yuz berayotgan iliqlik shu amaliyotga chek qo’yishi mumkin”, - deydi u.

Ammo “Islomiy davlat” jangari guruhidek umumiy dushmanga ega bo’lish Vashington va Tehron o’rtasidagi muhim tafovutlarni yo’q qila olmaydi, deydi sobiq AQSh elchisi Adam Ereli.

“XAMAS, Suriya, Iroq, yadro masalasi, Eron ichidagi inson huquqlari mavzularini olib ko’rsangiz, bu masalalardagi mavjud siyosat o’zgarmasdan kelayotganiga guvoh bo’lasiz. Bular bizning va ittifoqchilarimizning manfaatlariga zid siyosatlardir”, - deydi Ereli.

Haydar al-Abadiy islomiy jangarilarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borishi uchun ham AQSh, ham Eron yordamiga muhtoj bo’ladi. Shuningdek, sunniy va kurd aholi o’rtasida yangi hukumatga ishonchni oshirishda ham bu davlatlarning qo’llab-quvvatlovi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG