Iroq hukumati jangari guruhlar bilan olishar ekan, Obama ma'muriyati harbiy yordam eta deya ta'kidlamoqda.
Prezident Obama Iroqda kuchayib borayotgan zo’ravonlik va mazhablar o’rtasidagi ixtilofdan tashvishda, deydi Oq uy so’zlovchisi Jey Karni. Unga ko’ra, prezident ma’muriyati Iroq masalasi ustida jiddiy bosh qotirmoqda.
Karnining aytishicha, Obama imkon qadar tezroq harbiy yordam ko’rsatish tarafdori. Harbiy ko’mak sifatida havodan yerga otiladigan raketalar, razvedka dronlari hamda “Apachi” vertolyotlarini yuborish ko’zda tutilmoqda.
Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy noyabrda AQShga qilgan tashrifi chog’ida Vashingtondan yordam so’ragan edi. Ammo ko’plab kongressmenlar Malikiyning siyosiy murosa yo’lidan borishiga ishonmaydi. Shuning uchun Kongress harbiy yordam, jumladan, vertolyotlar yetkazib berishga izn bermagan edi.
Vakillar palatasining respublikachi spikeri Jon Beyner Obamani Iroqqa yetarli darajada e’tibor bermayotganlikda aybladi. Uning aytishicha, Iroqda ma’lum miqdorda AQSh askarlarini qoldirmasdan Obama xatoga yo’l qo’ygan.
“Bu ma’muriyat Iroq masalasi bilan shug’ullanishni prezidentdan olib vitse-prezidentga topshirdi. Ko’p vaqtini esa Yaqin Sharqda terrorchilarning kuchayishi prezidentning muammosi emasligini tushuntirish uchun sarfladi. Iroqda AQShning muhim milliy manfaatlari bor va shunday bo’lishda davom etadi. Muvaffaqiyatli natijaga erishish uchun biz Iroqqa uzoq muddatli yordam qo’lini cho’zishimiz kerak. Prezident uchun buni tan olish va ishga kirishish fursati keldi”, - dedi u.
Karni Beynerning gaplariga e’tiroz bildiradi. Iroq siyosati bilan, asosan, vitse-prezident Bayden shug’ullangan bo’lsa ham, Obama bu jarayonda faol ishtirok etib, qurol-yarog’ jo’natishni ta’minlash uchun Kongress bilan yaqindan ishlamoqda, deydi Oq uy so’zlovchisi.
“Prezident 2009-yil boshida Iroq siyosati ustidan nazoratni vitse-prezidentga topshirganda bu aslida prezidentning Iroq masalasiga jiddiy yondashganini namoyish etdi. U bu ishni o’z idorasi ichiga olib kirdi va bugun ham masala shu yerda hal qilinmoqda”, - dedi Karni.
Respublikachi senator Jon Makkeynga ko’ra, AQSh askarlarining Iroqdan butunlay olib chiqilishi Malikiy hukumatiga ta’sir o’tkazish imkoniyatini cheklab qo’ydi.
“Muammoda Bosh vazir Malikiyni ayblayman. Uning sunniylar bilan munosabati yaxshi emas. Ammo biz unga ta’sir ko’rsatishimiz mumkin edi. Lekin biz ortiq u yerda emasmiz”, - dedi u.
Senatdagi manbaning “Amerika ovozi”ga aytishicha, bir necha oylik tanaffusdan so’ng, Davlat departamenti hozir Iroqqa harbiy yordam yetkazish bo’yicha Kongress qo’ygan talablarga jiddiy e’tibor berishni boshlagan.
Talablardan biri AQSh beradigan vertolyotlarning qanday maqsadlar yo’lida foydalanilishi ustidan nazorat o’rnatish bo’lsa, ikkinchisi Eron Suriya hukumatiga harbiy aslaha yetkazishining oldini olish uchun Iroq havo hududida nazoratni kuchaytirishdir.
Agar Iroq hukumati shu shartlarni bajarishni o’z zimmasiga olsa, Kongress harbiy yordam jo’natishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Iroqning Vashingtondagi elchisi Luqmon Fayliy deydiki, uning davlati Rossiyadan ham yordam so'ramoqda.