Breaking News

AQSh qurollari Iroqda jangarilar qo'lidami?


Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi demokrat Robert Menendez Iroqqa qurol sotilishiga qarshi senatorlardan biri.
Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi demokrat Robert Menendez Iroqqa qurol sotilishiga qarshi senatorlardan biri.

AQSh qonunchilari Iroqqa sotilayotgan Amerika qurollarining jangarilar qo’liga tushish ehtimolidan xavotirda. Kongressdagi tinglovda har ikki partiya senatorlari ma’muriyatni shu haqda so’roqqa tutdi.

Senatda Iroq muhokamasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00
Yuklab oling

Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi demokrat Robert Menendezning aytishicha, AQSh qo’li ostida bir necha yillik tayyorgarlikdan o’tishiga qaramay, Iroq harbiylari jang maydonida mag’lubiyatga uchradi.

“Ular himoya qilishi lozim bo’lgan hududlarni tark etdi. AQSh harbiy qurollarini tashlab, jangarilardan qochdi”, - dedi u.

Menendez Iroqning harbiy salohiyatiga to’la ishonch hosil qilmagunicha Bag’dodga yana qurol sotishga qarshi ekanini aytadi.

“Xavfsizligimizga tahdid solayotgan jangarilar qo’liga borib tushadigan bo’lsa, bu qurol savdosini ma’qullash niyatim yo’q”, - dedi u.

Pentagon Iroq xavfsizlik kuchlari imkoniyatlarini o’rganib chiqqan, ammo hali xulosa va tavsiyalarini Kongressga taqdim etgani yo’q. Pentagon so’zlovchisiga ko’ra, tekshiruvdan maqsad tezroq xulosa chiqarish emas, balki to’g’ri va batafsil ma’lumotga ega bo’lishdir.

Mudofaa vaziri o’rinbosari yordamchisi Elissa Slotkin Iroq armiyasi haqida aniq tasavvurga ega bo’lish qiyin ekanini aytadi.

“Qat’iyatli va jang qilishga shay kuchli qismlar bor. Lekin shashti sust va jangga yaramaydigan yoki urushishni istamaydigan guruhlar ham bor”, - deydi u.

Har ikki partiyaga mansub senatorlar Iroqdagi boshboshdoqlik uchun mamlakatning mazhabparast va bo’lingan hukumatini ayblaydi. Ayni paytda ular “Iroq va Shom islomiy davlati” jangari guruhi solayotgan tahdid bartaraf etilishi lozimligini ham ta’kidlamoqda. Davlat kotibining Iroq va Eron bo’yicha yordamchisi o’rinbosari Bret Makgurkka ko’ra, Iroqdagi jangarilar “Al-Qoida”dan ham xavfliroq bo’lib, tahdidi Yaqin Sharq mintaqasidan tashqariga ham yoyilishi mumkin.

“Bu guruh har oy Iroqqa 30-50 xudkush hujumchini olib kirish salohiyatiga ega. Ularning deyarli barchasi xorijiy jangarilar. Guruh uchun bu global jihodchi va xudkushchi kadrlarni mintaqaning boshqa poytaxt shaharlariga yoki Yevropaga, hatto AQShga jo’natish haqida qaror qabul qilish oson”, - deydi AQSh rasmiysi.

Iroq parlamenti uzoq bahslardan so’ng keksa kurd siyosatchisi Fuad Massumni mamlakatning yangi prezidenti etib saylagan. AQSh Mudofaa vazirligi mulozimi Elissa Slotkinning aytishicha, jangarilar ta’sirini kesish uchun Iroqning yangi hukumati sunniy aholi muammolariga e’tibor qaratishi kerak. Harbiy kurashni e’tibordan soqit qilmagan holda Slotkin uzoq muddatli barqarorlik uchun siyosiy murosaga erishish muhimligini ta’kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG