Breaking News

AQSh yoshlarni "Islomiy davlat"ga qo'shilishdan to'xtata oladimi?


"Islomiy davlat" jangarilari Iroqda
"Islomiy davlat" jangarilari Iroqda

Iroq va Suriyaning bir qismini bosib olib, sha’riy qonunlarni joriy etgan “Islomiy davlat”ga G’arbdan yoshlar qo’shilishda davom etmoqda. Ular orasida amerikaliklar ham bor.

“Islomiy davlat” internetda ingliz tilida chiroyli bezalgan jurnal yordamida hamda ijtimoiy sahifalardagi faolligi orqali Yevropa va Amerikadan yigit-qizlarni o’z safiga jalb qilmoqda.

AQSh davlat kotibining xalq diplomatiyasi va jamoatchilik bilan ishlash masalalariga javob beruvchi o’rinbosari Richard Stengelning “Amerika ovozi”ga aytishicha, Obama ma’muriyati yoshlarni bu yo’ldan qaytarish uchun targ’ibotga zo’r bermoqda.

“Eng asosiy ishimiz shuki, bu yoshlarga “Islomiy davlat” tasvirlayotgan manzaraning soxta ekanini, jannat emasligini ko’rsatish. Jihodchilar taklif etayotgan dunyo demokratik emas, u yerda hayot yo’q. “Islomiy davlat” mafkurasining islomga aslo aloqasi yo’qligini ko’rsata bilishimiz kerak”, - deydi Stengel.

Buni yoshlarga yetkazish uchun AQSh hukumati bir necha dastur va usullardan foydalanmoqchi.

“Bu ishni Facebook, Twitter kabi ijtimoiy sahifalar, ma’ruzalar, rasmiy bayonotlar orqali qilish lozim. “Islomiy davlat”ga qarshi chiquvchi din peshvolari, jihodchilar safida jang qilib, haqiqatni o’z ko’zi bilan ko’rib qaytgan sobiq jangarilarni qo’llab-quvvatlab, ular bilan hamkorlik qilish kerak”, - deydi Richard Stengel.

Razvedka idoralari rasmiylari va terrorizm bo’yicha ekspertlar fikriga ko’ra, “Isomiy davlat”ni yolg’iz harbiy yo’l bilan yengib bo’lmaydi. Odamlarning ularga qo’shilishiga to’siq qo’yish uchun jihodchilar da’vatiga qarshi da’vat bilan chiqish zarur, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG