Breaking News

Kerri: "Islomiy davlat"ga qarshi kurash Yaqin Sharqqa tinchlik olib keladi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi birlashgan xalqaro koalitsiya butun mintaqada tinchlik o'rnatilishiga umidni oshiradi. Ayni paytda u Obama ma'muriyati Suriyadagi mo'tadil muxolif guruhlarni qurollantirish va tayyorgarlikdan o'tkazish ahdida qat'iy ekanini ta'kidlamoqda.

"Islomiy davlat" va Yaqin Sharq, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

Yaqin Sharq barqarorligi hamda Yevropa va AQSh xavfsizligi uchun Iroq va Suriyada jangarilarga qarshi olib borilayotgan kurash muhim ahamiyatga ega.

Bu kurash chegara va din tanlamaydi, deydi Kerri.

"Saxeldan Mag'ribgacha, Yamandan tortib Suriyagacha buzg'unchilar va ayirmachilar bunyodkorlar hamda muammoga yechim topuvchilarni yo'q qilishga urinmoqda. Juda ko'p joylarda zo'ravon ekstremistlar nafrat g'oyalarini olg'a suryapti", - deydi AQSh Davlat kotibi.

Kerriga ko'ra, "Islomiy davlat"ga qarshi uyushgan kuchlarning ko'pligi Yaqin Sharqda tinchlik o'rnatish imkoniyatini oshiradi.

"Iroq va kurd kuchlari o'rtasidagi aloqalarning tarixiy bir pallaga chiqishi har ikki xalqdagi xohish-istak ifodasi. Saudiyaliklar, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqalarning bu muammo qarshisida jipslashishi mintaqada xavfsizlikni ta'minlash va terrorizmga qarshi kurash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu Isroil va falastinliklar uchun ham yangi eshiklarni ochadi", - dedi Kerri.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Ibrohim al-Jafariyning aytishicha, Iroq va Saudiya Arabistoni aloqalarining yaxshilanishi hamda koalitsiya kuchlari yordami natijasida jangarilarni 2016-yilgacha mag'lub etish mumkin.

"Bir davlatda terrorizm o'chog'i paydo bo'lsa, unga yordam boshqa bir mamlakatdagi terror guruhlaridan keladi. Shuning uchun xalqaro koalitsiya ham Iroqda, ham Suriyada terrorizm manzillarini nishonga olayotgani yaxshi", - deydi u.

Suriyaning mo'tadil muxolifati ham "Islomiy davlat" jangarilari, ham Suriya hukumati hujumlariga duchor bo'lmoqda. AQSh ularga berilayotgan yordam hajmini oshirmoqda, deydi Kerri.

"Kelajak haqida gap ketganda, suriyaliklar zolim va terrorchilardan birini tanlash majburiyati ostida qolmasligi kerak. Shuning uchun biz uchinchi yo'lni yoqlaymiz: Assad va ekstremistlarga qarshi har kuni kurashayotgan mo'tadil Suriya muxolifatini", - deydi AQSh rasmiysi.

Kerrining ta'kidlashicha, o'tgan hafta Yevropada o'tgan koalitsiya yig'inida "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish hamda guruhning moliyaviy, ta'minot va boshqaruv amaliyotlariga putur yetkazishda davom etish bo'yicha kelishib olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG