Breaking News

Vladimir Putin tashqi siyosatga doir dasturini e'lon qildi


Vladimir Putin
Vladimir Putin

Dmitriy Medvedev prezidentligi davrida Rossiya va AQSh qator masalalar bo'yicha til topishishga muvaffaq bo'ldi. Afg'onistonga yuk tashish, Eronga raketa sotmaslik, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish shular jumlasidan.

Yakshanba kungi prezident saylovlarida Bosh vazir Vladimir Putin g'alaba qozonsa, Rossiya tashqi siyosatida qanday o'zgarishlar bo'ladi? Vladimir Putin prezidentlikka qaytsa Rossiyani kuchaytiraman, demoqda.

Shu hafta nomzodning tashqi siyosatga doir saylov dasturi chop etildi. Putin unda Rossiya G'arb bosimiga qarshi kurashib, uni o'zi bilan hisoblashishga majbur qilishini aytadi.

"Rossiya qachon kuchli bo'lsa, shundagina uni hurmat qilishadi. Global xavfsizlikni Rossiya ishtirokidagina ta'minlash mumkin. Bizni nazarga ilmay, geosiyosiy tomondan zaiflashtirish yoki mudofaa salohiyatimizni susaytirish bilan bunga erishib bo'lmaydi" deb yozadi Putin.

Agar yakshanba kungi saylovlarda Putin g'olib bo'lsa, dunyoning eng katta mamlakatini 2018-yilgacha boshqaradi.
Rossiyaning AQSh va Kanada Instituti direktori o'rinbosari Viktor Kremenyuk bashoratiga ko'ra, Kreml G'arb bilan har bir masala bo'yicha alohida ravishda hamkorlik qiladi.

"G'arb Rossiya bilan hamkorlik qilmoqchi bo'lsa, manfaatlarimizga javob beradigan masalada murosa qilishga tayyor bo'lishi kerak, ammo hozircha buni ko'rmayapmiz", - deydi tahlilchi.

Putin maqolasida aytilishicha, Qo'shma Shtatlar Rossiya uchun tarixan muhim bo'lgan hududlarda siyosiy o'yinlarga berilmoqda. Rossiyadagi saylovlar ham bundan mustasno emas, deydi u.

Putin nazarida AQSh buning uchun nodavlat tashkilotlardan foydalanmoqda. Bu kabi soxta tashkilotlar, deb yozadi u, tashqi moliyaviy yordam hisobiga ayrim davlatlarni beqarorlashtirishga harakat qilmoqda. Rossiyada bunga yo'l qo'yilmaydi, deydi bosh vazir.

Tahlilchi Kremenyuk G'arbdan shubhalanish bor hali, deydi.

"Rossiyaliklar G'arbga ishonchsizlik bilan qaraydi. Rossiya bilan jiddiy, teng ravishda hamkorik qilmoqchi ekaniga ishonishmaydi", - deydi Kremenyuk.

Vladimir Putin AQShning Yevropada raketadan mudofaa tizimiga qarshi. Sistema AQSh va Rossiya o'rtasidagi yadro qurollariga doir muvozanatni buzadi, deydi u.

"Arab bahori"ni esa G'arbning Yaqin Sharqda nazorat va bozor uchun kurashi deb atadi. Liviyaga kelganda, deb yozadi Putin, G'arb g'alaba qildi, ammo Rossiya mag'lub bo'ldi. Suriya masalasida ortiq xato qilmaymiz, deydi arbob.

Putinning aytishicha, Rossiya Eron va Shimoliy Koreyada yadro quroli bo'lishiga qarshi, biroq G'arb Shimoliy Koreyaning yangi va yosh rahbari Kim Chen Unga bosim qo'ymasligi kerak.

"Eron yadro inshootlariga qarshi hujum mintaqada salbiy oqibatlarga olib keladi" deydi u.

Putin nazarida ayrim davlatlar rahbarlari o'zini G'arb bosimidan himoya qilish uchun yadro qurollariga intiladi. "Atom bombasi bo'lsa, ularga hech kim tega olmaydi deb o'ylashadi" deydi bosh vazir.

Putinning dasturidan prezidentlikka saylansa, Xitoy bilan munosabatlar yaxshi bo'lishi ayon. "Xitoy iqtisodiy gurkirashidan Rossiya ham foyda ko'rmoqda" deydi u.

Moskva Davlat universitetining Sharqiy Osiyo fakulteti rahbari Aleksandr Lukinning aytishicha, Xitoyning iqtisodiy taraqqiyotiga hech kim g'ov bo'la olmaydi, shu sabab undan foydalanish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG