AQShning 83 senatori Prezident Barak Obamani Isroil bilan yangi xavfsizlik bitimini tezroq tuzishga undamoqda. 2018-yil muddati tugaydigan hozirgi 10 yillik bitim doirasida Isroil AQShdan har yili 3,1 milliard dollar harbiy yordam oladi. Yangi kelishuv uchun yahudiy davlati Vashingtondan harbiy ko'mak miqdorini kamida 4 milliard dollarga oshirishni so'ragani aytilmoqda.
Senatorlar yordam miqdori qancha bo'lishi lozimligini aniq aytmagan, ammo prezidentdan uzoq muddatli yangi rejani qo'llab-quvvatlashga tayyor turishni so'ragan.
Davlat rahbariga yo'llangan xatda AQShning Yaqin Sharqdagi yaqin hamkoriga xavf solib turgan bir necha tahdid, jumladan, Livandagi Hizbulloh, G'azodagi Xamas, Suriyadagi Al-Qoida va "Islomiy davlat" hamda Misrning Sinay yarimorolidagi boshqa jangari guruhlar tilga olingan. Eronning ko'plab jangari guruhlarga ko'mak berayotgani va raketa sinovlarini o'tkazayotgani ham Isroilga tahdid sifatida sanalgan.
"Yaqin Sharqqa haddan ziyod ko'p miqdorda qurollar kirib borar ekan, Isroil mintaqadagi harbiy muvozanatning noto'g'ri tomonida qolib ketishi mumkin", - deyiladi maktubda.
Har ikki partiya vakillaridan iborat guruh 100 kishilik Senatning aksariyat a'zolarini qamrab olgan.
Maktub tashkilotchilaridan biri senator Kris Kuns Obama ma'muriyatini tez harakat qilishga undadi.
"Yaqin Sharqda beqarorlik kuchaygan bir paytda AQSh va Isroil hukumatlarining xavfsizlik bo'yicha tarixiy va mustahkam hamkorligini qayta tasdiqlash muhim", - dedi u.
AQSh tashqi harbiy yordam uchun bu yil 17 milliard dollar sarflagan. Isroil 3,1 milliard dollar olgan. Afg'oniston 3,8 milliard bilan ro'yxatning boshida bo'lsa, uchinchi o'rinni 1,3 milliardlik yordam bilan Misr band etgan.
Bundan tashqari, Mudofa vazirligi byudjeti doirasida ayrim davlatlar uchun boshqa mablag'lar ham ajratilgan. Masalan, Isroilga raketaga qarshi uchta mudofaa tizimi uchun qo'shimcha 206 million dollar berilgan.
Obamaga yo'llangan maktubda senatorlarning aytishicha, Kongress Isroilning raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun ham mablag'ni oshirish niyatida. Vakillar palatasining Qurolli xizmatlar qo'mitasi e'lon qilgan ma'lumotga ko'ra, Isroil mudofaa tizimlari uchun mablag'ni 332 million dollarga oshirish rejalanmoqda.