Breaking News

AQSh Hind va Tinch okeani mintaqasida harbiy salohiyatini oshirmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, Davlat kotibi Entoni Blinken va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida Tokiodagi uchrashuv paytida, 29-iyul, 2024-yil
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, Davlat kotibi Entoni Blinken va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida Tokiodagi uchrashuv paytida, 29-iyul, 2024-yil

Qo’shma Shtatlar Xitoyni Hind va Tinch okeani mintaqasida hamkorlari va manfaatlariga tahdid deb bilarkan, Yaponiyada joylashgan 54 mingga yaqin harbiysini Gavayida asoslangan Hind va Tinch okeani qo’mondonligi boshqaruvidan chiqarib, unga alohida qo’mondon tayinlashga qaror qildi.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, Yaponiyadagi qism Yaponiya qurolli kuchlari bilan qo’shma qo’mondonlikka ega bo’ladi, missiyasi va operativ vazifalari kengaytiriladi.

Yangi qo’shma qo’mondon kim bo’lishi hozircha e’lon qilingani yo’q.

“Bu Amerikaning Yaponiya bilan yonma-yon jang qilishda jiddiyligini ko’rsatmoqda. Ammo kimga qarshi? Bilmayman. Kimki mintaqadagi vaziyatni kuch bilan o’zgartirishga jur’at etsa, o’shalarga qarshi jang qilishimizga to’g’ri keladigan ko’rinadi”, - deydi Tashqi siyosat institutining prezidenti Kunixiko Miyake.

O’tgan yili Yaponiya mudofaa uchun xarajatlarini 2027-yilgacha ikki baravar oshirib, yalpi ichki mahsulotining ikki foiziga yetkazishi haqida e’lon qilgan. Xavfsizlik siyosati markazining tahlilchisi Grant Nyushamning aytishicha, qo’shimcha askarlarni yollash, qurollar sotib olish va logistika uchun katta sarmoya kerak.

AQSh rasmiylari Vashington mintaqadagi ittifoqchilari bilan munosabatlarini kuchaytirishga bel bog’laganini aytadi.

“NATOga o’xshagan kollektiv alyans tizimiga ega bo’lmaymiz, albatta, chunki tariximiz bir-biriga o’xshamaydi. Ammo bir necha qatlamli xavfsizlik kelishuvining bo’lgani muhim”, - deydi Miyake.

Filippin mana shu ittifoqning muhim qismi. AQSh shu hafta Manilaga 500 million dollarlik harbiy yordam va’da qildi.

Xitoy Hind va Tinch okeani mintaqasi xavfsizligiga tahdid solayotgani haqidagi da’volarning asossiz ekanini ta’kidlaydi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Yaponiyani Sovuq urush fikrlashidan voz kechishga chaqirdi.

Rossiya AQSh va Yaponiya o’rtasida harbiy hamkorlikning kuchayishini qurolli to’qnashuvga tayyorgarlik deb atadi, Xitoy va Shimoliy Koreya bilan javob choralari xususida maslahatlashayotganini bildirdi.

AQSh Avstraliyada harbiy inshootlarni takomillashtirmoqda

Qo’shma Shtatlar Avstraliya shimolida harbiy infratuzilma barpo etishga kirishdi, Avstraliya harbiy-havo kuchlariga qarashli Tindal bazasini kengaytirmoqda. Yangi bazada B-22 bombardimonchi samolyotlar, F-22 qiruvchi samolyotlar joylashtiriladi.

Kuzatuvchilar buni Xitoy bilan mintaqada qurolli to’qnashuv ehtimoliga tayyorgarlik deb ko’rmoqda.

Avstraliya hukumati ham bazada yangi aeroport terminali, angarlar va boshqa obyektlar qurmoqda.

"Bazani dunyodagi har qanday samolyotni qabul qila oladigan qilyapmiz. Uchish va qo’nish polosalari kengaytirilyapti, yoqilg’i zaxirasi oshirilyapti”, - deydi Avstraliya harbiy-havo kuchlari eskadrilyasi qo’mondoni Fiona Pirs.

AQSh Kongressi Avstraliyada Amerikaning harbiy-havo kuchlari va harbiy-dengiz kuchlariga zarur qurilishlar uchun 300 million dollardan oshiq pul ajratgan.

Avstraliyaning Darvin shahridagi harbiy-havo bazasi ham AQSh yordamida zamonaviylashtirilmoqda. Razvedka tinglovlari uchun xonalar, yangi uchish yo’laklari, omborlar, ta’mir ishlari uchun angarlar qurilishi ko’zda tutilgan.

Kanberra va Vashington 2011-yilda kelishuv imzolaganidan beri AQSh harbiylari Darvin bazasida muntazam ravishda mashq qilib turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG