Breaking News

AQShda ham namoyishlarni yoritayotgan jurnalistlar hibsga olinadi


CNN muxbiri Omar Ximenes jonli efir paytida hibsga olinmoqda, Minneapolis shahri, 29-may, 2020-yil
CNN muxbiri Omar Ximenes jonli efir paytida hibsga olinmoqda, Minneapolis shahri, 29-may, 2020-yil

AQShda matbuot erkinligini himoya qiluvchi bir necha tashkilot hamkorligida yaratilgan “Matbuot erkinligi kuzatuvchisi” (Press freedom tracker) loyihasi tayyorlagan hisobotdan ma’lum bo’lishicha, 2020-yilda mamlakatda kamida 117 muxbir namoyishlarni yoritayotib politsiya tomonidan ushlangan yoki hibsga olingan.

Hisobotda yil boshidan 10-dekabgracha bo’lgan vaqt oralig’i hisobga olinadi. Unga ko’ra, jurnalistlar, fotomuxbirlar, ijodiy guruhlar salkam 40 shaharda o’tgan namoyishlarni yoritish jarayonida politsiya bilan yuzlashgan, ta’qiblar va zulmga uchragan. Bu bundan oldingi uch yilda (2017-2019) qayd etilgan o’xshash holatlarni qo’shib hisoblagandan ham ikki baravar ko’pdir. Binobarin, yil hali tugagani yo’q, yakuniy raqamlar bundan-da yuqori bo’lishi mumkin.

“Loyiha tarixida misli ko’rilmagan holat. Umuman olganda, mamlakatda ham bu yili namoyishlar ko’p bo’ldi. Namoyishlar esa odatda jurnalistlar uchun xavfli tadbir hisoblanadi”, - deydi “Matbuot erkinligi kuzatuvchisi” loyihasi bosh muharriri Kirstin Makkadden.

2019-yilda atigi 9 jurnalist hibsga olingan. Joriy yilda nafaqat hibsga olishlar, balki muxbirlarga nisbatan jismoniy tajovuzlar, chegarada to’xtatishlar, sudga chaqiruv qog’ozi berishlar ham ko’paygan. Bunday holatlar mingdan ortiq marta bo’lgani aytiladi. O’tgan yili loyiha 152 ta shunday huquqbuzarlikni qayd etgan.

“Jurnalistlar boshidan bu yili ko’p narsa o’tdi – pandemiya, majburiy ta’til, so’nggi 10 yilda zamonamizning eng og’riqli mavzularini yoritishdi”, - deydi Makkadden.

Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqida (AFEI) huquqshunos Vera Eydelmanning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, jurnalistlar namoyish kabi tadbirlarni yoritishda muhim rol o’ynaydi.

“Bunday odamlar bizning ko’zimiz va qulog’imizdir. Ularning foto va videokameralari, smartfonlari orqali joylardagi voqealardan boxabarmiz, ayniqsa global pandemiya paytida”, - deydi u.

Frilanser shaklda ishlovchi jurnalist Robert Spanglning aytishicha, u Los-Anjelesdagi namoyishlar paytida “matbuot” deb yozilgan dubulg’ani kiyib, politsiyaga jurnalist ekanini aytishiga qaramay, qo’llarini bilagidan bog’lab, qo’lga olingan namoyishchilar bilan birga avtobusga tiqishgan. Mahkamada unga komendant soatiga amal qilmagani uchun hibsga olinganini tushuntirib qo’yib yuborishgan.

Kirstin Makkaddenning aytishicha, politsiya va matbuot o’rtasida aloqani yaxshilash zarur. Namoyishlar paytida jurnalistlar shaharlarda joriy etilgan komendant soatidan istisno qilinganiga qaramay, ularni qoidani buzgani uchun hibsga olishgan.

Eydelmanning aytishicha, olomon va politsiya o’rtasida ziddiyatlar kuchaygan bir paytda jurnalistni namoyishchidan ajratish doim ham oson emas. Bunga yana bir sabab, deydi u, ayrim politsiyachilarning vakolatini suiiste’mol qilishi va hukmronligini ko’rsatishga intilishidir.

Jurnalistlarga nisbatan zulm va beparvolik ayrim hollarda videoga tushirilib, ijtimoiy sahifalarda tarqatilgan.

Oregon shtatining Portlend shahri shiddatli namoyishlar markazlaridan biri bo’lib, u yerda ishlagan ayrim muxbirlar politsiya ularni kaltaklaganini, ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llaganini, qalampir sprey sepishganini, rezinali o’qlar bilan otishganini aytadi.

AFEI bunday holatlar bo’yicha politsiya ustidan sudga shikoyat qildi.

“Portlend va Minneapolis shaharlarida jurnalistlarga qarshi haddan ziyod kuch ishlatish va ularni noqonuniy ravishda hibsga olishga qarshi da’vo ochdik. Namoyishlar va namoyishchilarga kelganda ba’zilar qonun va tartibni o’rnatish deganda so’z erkinligidan ko’ra mulkni himoya qilishni tushunishadi”, - deydi Eydelman.

Aksariyat hollarda jurnalistlarni mahkamada uzoq ushlab turishmaydi, ammo kamida 16 muxbir, jumladan bir necha shtatsiz jurnalist ustidan tergov ketmoqda. Bunday muxbirlarda ko’p hollarda yirik matbuot tashkilotlarida ishlovchi jurnalistlardan farqli o’laroq huquqiy himoya uchun resurslar yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG