Breaking News

Hamid Karzay AQSh bilan gaplashishga majbur, deydi siyosatdonlar


Hamid Karzay
Hamid Karzay
Qo’shma Shtatlar Qatar poytaxti Dohada Tolibon bilan muzokarada. Lekin Vashingtonning uzoq yillik hamkori, Afg’oniston rahbari Hamid Karzay bundan norozi. Amerika bilan xavfsizlik bobida ketayotgan ikki tomonlama muloqotni to’xtatishi mumkin. Obama ma’muriyati 2014-yildan keyin nima bo’lishi yuzasidan Kobul bilan kelishishga urinmoqda.

Copy of NI US-Karzai-Taliban
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00
Yuklab oling

Tolibon anchadan beri Amerika bilan bir davrada bevosita gaplashib olishga harakat qilib keladi. Nihoyat Vashington ham buni zarur deb topdi va parda ortida muzokaralar boshlanib ketdi. Xo’sh, muddao nima? Muloqotdan nima kutish mumkin va mumkin emas?

AQSh Tinchlik institutidan ekspert Andryu Vaylder:

“Kelasi oylar ichida biror aniq kelishuvga erishamiz deyolmayman. Afg’oniston 30 yildan beri urush domida. Gap muzokarada bo’lganida, allaqachon tinchigan bo’lar edi bu yurt. Boshqa tomondan esa Amerika va Tolibon urushaverib ham to’liq bir barqarorlikka erishilgani yo’q. Rasman muzokara qilayotgani xush xabar”.

Afg’oniston uchun bu ijobiy yangilik bo’lsa, nega Hamid Karzay bu qadar norozi? U nima istaydi? Karzay prezident bo’lsa ham mamlakatni mutlaq idora eta olmaydi, muammo shunda.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Robert Lamb:

“Hamid Karzay barcha qarorlar zaminida Afg’onistonning markaziy hukumati, u boshqarayotgan tizim yotsin, deydi. Bunga uning haqqi bor. Biroq haqiqat shuki, Kobulning gapi ko’p joyda o’tmaydi. Afg’oniston tarqoq mamlakat. Xalqning bu hukumatga ishonchi juda past”.

Obama ma’muriyatiga ko’ra, Karzay so’zsiz Afg’oniston rahbari va barcha kelishuvlar aynan u bilan qilinadi. Xavfsizlikni ta’minlash endi afg’on qurolli kuchlari zimmasida. Biroq mahalliy kuchlar Amerika yordamisiz ko’p narsaga qodir emas. Shunday ekan, Karzay Tolibon bilan gaplashma deya Amerikaga bosim o’tkaza olmaydi, deydi siyosatdonlar.

“AQSh Afg’oniston hukumati va xalqiga hali ancha paytgacha kerak bo’ladi. Karzay prezidentlikdan ketadi, ammo kelajakdagi zaruratlarni tushunadi. Amerikaning maqsadi Tolibonni, uning mo’tadil yetakchilarini tinchlikka undash, ko’ndirish. Karzay buni tushunishi kerak. Uning Vashington bilan gaplashmasdan iloji yo’q”.

Fakt shuki, deydi ekspertlar, Amerika aslida na u tomonga va na bu tomonga ishonadi. Tolibon muzokara boshlagan, lekin NATO va AQShga qarshi xurujlarni davom ettirmoqda.

"Tolibonning taktikasi shu. Kuchini ko’rsatib, mana biz hamon Afg’onistonni titratishga qodirmiz deb Amerikadan nimadir undirmoqchi. Bizni yutganing yo’q, biz hali ham qudratlimiz demoqchi. Vashington bilan tenglashmoqchi. Shundan ma’lumki, muzokara Amerika istagan mevani bermasligi mumkin".

Obama ma’muriyati avvalo xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha zarur kelishuvlarga e’tibor qaratib, yaqin kelajak yuzasidan bir qarorga kelishi kerak, deydi siyosatdonlar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG