Breaking News

Qozog'iston, Amerika hamkorlikning 20 yilligini sarhisob qilmoqda


AQSh Mudofaa vaziri muovini Eshton Karter Pentagonda Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Yerjan Kazixanov bilan ko'rishdi, 31-yanvar, 2012
AQSh Mudofaa vaziri muovini Eshton Karter Pentagonda Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Yerjan Kazixanov bilan ko'rishdi, 31-yanvar, 2012

Ayni damda Vashingtonda Qozog’istondan yuqori lavozimli rasmiylar bilan muzokara ketmoqda. AQShning yirik siyosiy tahlil markazi bo’lmish Atlantika Kengashida kecha katta anjuman bo’lib o’tdi. Ikki davlat orasida aloqalar o’rnatilganiga shu kunlarda 20 yil bo’ldi.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Yerjan Kazixanov (Yerzhan Kazykhanov) boshchiligidagi delegatsiya 28-yanvardan beri Amerika poytaxtida keng qamrovli muloqot olib bormoqda. Pentagonda AQSh Mudofaa vaziri o’rinbosari Eshton Karter (Ashton Carter) bilan uchrashuv, Oq uyda Davlat xavfsizligi kengashi a'zolari hamda Davlat departamentida Xillari Klinton (Hillary Clinton) bilan muloqot.

Yerjan Kazixanov, Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri
Yerjan Kazixanov, Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri
Tashrifdan maqsad, deydi Qozog’iston rasmiylari, hamkorlikni oshirish.

Atlantika Kengashi anjumanida so’zlar ekan, Kazixanov Qozog’iston tashqi siyosatini shunday ta’rifladi:

“Biz barqaror yo’nalishga egamiz. Biror davlatni dushman deb bilmaymiz. Qozog’iston barcha davlatlar bilan samimiy va serqirra hamkorlikka tayyor. Avvalo qo’shnilarimiz bilan aloqalar mustahkam bo’lishini istaymiz. G’arbu sharq bilan birdek samarali munosabatda bo’lishga bel bog’laganmiz. Yirik qo’shnilarimiz Rossiya va Xitoy yaqin hamkorlarimiz bo’lgani singari Yevropa Ittifoqi va Amerikani ishonchli sherik deb bilamiz. G’arbdan, xususan, AQShdan kelayotgan sarmoyaga tayanamiz va investitsiya oqimini oshirishni xohlaymiz”.

O’tgan 20 yil ichida Amerika va Qozog’iston orasidagi savdo aylanmasi 20 milliard dollardan oshdi. Vashington bu davlatga shu kungacha 91 million dollarga teng harbiy ko’mak ko’rsatgan. Ta’lim, sog’liqni saqlash, fuqaro jamiyati, atrof-muhit muhofazasi va boshqa sohalarda ham birga ishlab keladi.

“Qozog’iston Markaziy Osiyo har jihatdan birdam bo’lsin deydi, xavfsizlikni ta’minlashdan tortib, iqtisodiy integratsiyagacha. Bunga erishishni ustuvor vazifa deb bilamiz",- deydi Kazixanov.

"Qoradori savdosi va ekstremizmga qarshi kurashda qo’shnilar bilan yaqindan ishlashga harakat qilayapmiz. Savdo-sotiqqa kelganda, Yevropa Ittifoqi bilan yangi kelishuvlar imzolash niyatidamiz. Rossiya va Belarus bilan boj ittifoqiga kirishga qaror qilganmiz. G’arbiy Xitoydan G’arbiy Yevropaga yetadigan yangi savdo yo’li Qozog’istonning katta qismini o’z ichiga oladi. Biz, AQSh olg’a surayotgan Yangi Ipak Yo’li tashabbusini olqishlaymiz”.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qozog'istonni demokratik islohotlarni jadallashtirishga undab keladi
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qozog'istonni demokratik islohotlarni jadallashtirishga undab keladi

Kazixanov uchrashuvlarda yurtini qiynayotgan muammolarga ham to’xtaldi. Jumladan, 2011-yilning dekabrida Qozog’iston g’arbidagi Janao’zen shahrida yuz bergan qonli voqealarga. Qashshoqlik, deydi u, jiddiy e’tibor talab qiladi va hukumat xalqning dardiga quloq tutib, Janao’zenda ommani ko’chaga olib chiqqan sabablarga qarshi choralar ko’radi. 15 kishini hayotdan olib ketgan fojia hozirda tergov qilinmoqda. Javobgar shaxslar sudga tortiladi, deydi Kazixanov.

15-yanvarda o’tgan parlament saylovlari, G’arb nazarida xalqaro talablarga javob bermadi, adolatli va demokratik o’tmadi. Qozog’iston hukumati xatolarni tan oladi, ammo parlamentga uch partiya a’zolari saylangani – demokratik qadam, deya qayd etadi.

AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati uchun mas’ul Robert Bleyk Qozog’iston bilan aloqalarni “dinamik va tobora kengayib borayotgan hamkorlik” deb ataydi.

Yadroviy qurollar va chiqindilardan qutulish yo’lida olib borilgan harakatlari bilan Qozog’iston muhim global o’yinchiga aylandi, deydi u.

Nursulton Nazarboyev tanishtirgan iqtisodiy dastur chet el sarmoyachilari uchun katta imkoniyatlar yaratdi. 1990-yillar oson bo’lmadi, lekin bugun Qozog’iston iqtisodi dunyodagi eng barqaror tizimlardan biri, deydi AQSh diplomati.

Hozirgi asosiy vazifalardan biri, deydi Robert Bleyk, neftdan tushayotgan daromadni xalq farovonligi yo’lida sarflash, iqtisodni har tomonlama rivojlantirish.

Janao'zen, 17-dekabr, 2012
Janao'zen, 17-dekabr, 2012

Qozog’iston, Amerika siyosatdonlari nazarida, G’arb ta’sirini cheklamayotgani, aksincha, jamiyatni globallashtirishga urinayotgani ijobiy samara bermoqda.

Mamlakat ta’lim muassasalari Amerika va Yevropa Ittifoqidagi ilm dargohlari bilan ishlab keladi. Ilmiy va professional almashinuvlarning taraqqiyotga hissasi katta, deydi Robert Bleyk.

“Qozog’iston iqtisodiy jihatdan siljisa-da, demokratik jihatdan oqsamoqda”, - deydi Robert Bleyk. Siyosiy erkinliklar poymol etiladi, islohotlar juda sust. Inson huquqlari va qonun ustuvorligiga e’tibor past. So’z va matbuot erkinligi hamon orzu. Yangi parlamentda bir emas, uch partiya o’tirgani ijobiy o’zgarish, lekin qonunchilik organining ishi qanchalik demokratik va oshkora bo’ladi, buni hali bilmaymiz”, - deydi diplomat.

Brent Skovkroft, AQSh davlat xavfsizligi bo'yicha sobiq maslahatchi, fikricha Qozog'istonda Nazarboyevdan keyin nima bo'lishi mavhum
Brent Skovkroft, AQSh davlat xavfsizligi bo'yicha sobiq maslahatchi, fikricha Qozog'istonda Nazarboyevdan keyin nima bo'lishi mavhum

Nursulton Nazarboyev bilan 1989-yilda Vashingtonda uchrashgan Brent Skovkroft, o’sha paytda AQSh prezidenti, keksa Jorj Bushga davlat xavfsizligi bo’yicha bosh maslahatchi bo’lgan arbob, fikricha Qozog’iston dadil qadamlari bilan G’arbda ko’pchilikni lol qoldirdi.

Nazarboyev yangi davlatchilikka asos soldi va tabiiy jihatdan boy, ammo ko’p jihatdan qashshoq bir mamlakatni oyoqqa turg’azdi.

Biroq, deydi Skovkroft, hali oldinda qilinadigan ishlar talay:

“Nazarboyev uzoqni ko’ra biladigan lider. Shunday ekan, undan keyin Qozog’iston kimning qo’liga o’tishini oydinlashtirish kerak. Hokimiyat demokratik tarzda o’zgaradimi? Mana shu savol ko’pchilikni qiynamoqda. Nazarboyev yurtim mendan keyin tinch, farovon va barqaror yashasin desa, bu masalani hal etishi lozim”.

AQSh sobiq senatori Chak Xeygel (Chuck Hagel) fikricha, Qozog’iston dunyoning har qanday davlati bilan ishlashga qodir va bu xususiyati bilan nafaqat mintaqa, balki butun Yevrosiyoda ajralib turadi.

Nazarboyev siyosatining ba’zi jihatlari yoqmasligi mumkin, deydi u, lekin uning pozitsiyasi aniq va ravshan. Kelishmovchilikni bosiqlik bilan muhokama qiladi, til topishishga urinadi, deydi Xeygl, 1997-2009 yillar orasida senatorlik qilgan respublikachi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG