Breaking News

AQSh: Qirg’izistonda barcha fuqarolar huquqi birdek ta’minlanishi kerak


AQSh prezidentining Rossiya va Yevrosiyo masalalari bo’yicha maslahatchisi Maykl Makfol (Michael McFaul) Bishkekda rasmiylar bilan uchrashib, janubda odamlar sababsiz hibsga olinayotgani, o’zbek aholiga tazyiqlar kuchaygani yuzasidan xavotir bildirgan.

Maykl Makfol, Rossiya va sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari bo'yicha mutaxassis, hozirda Oq Uyda bu borada maslahatchi
Maykl Makfol, Rossiya va sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari bo'yicha mutaxassis, hozirda Oq Uyda bu borada maslahatchi

“Fojia ketidan hozir Qirg’iziston hukumati va bo’lajak parlament oldida turgan asosiy vazifa - jamiyatda murosa va totuvlikni ta’minlash. Barcha fuqarolar huquqi birdek ko’rilishi, hurmat qilinishi kerak”, - deydi Maykl Makfol.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining ogohlantirishicha, janubdagi qaltis vaziyat to’polonlarning yangi to’lqiniga turtki berishi hech gap emas.

Xavfsizlik kuchlari o’zbek aholisini tahqirlayotgani, hibsdagilarga nisbatan qiynoqlar qo’llanilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Mayk Makfol, Oq uy Davlat Xavfsizlik Kengashi rasmiysi, prezident Roza Otunbaeva va muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari bilan muloqot qilgan. Nohukumat tashkilotlar va fuqaro jamiyati vakillari bilan janubdagi ahvol borasida fikr almashgan.

“Yaqinlashayotgan saylovlar Qirg’iziston uchun yana bir jiddiy demokratik sinov va uning kuchli raqobat ruhida o’tishiga ishonamiz”, - deydi Makfol. “Qiyin sharoitda bo’lsada, bunga tayyorgarlik ketayotgani tahsinga sazovor”.

AQSh prezidenti maslahatchisi O’sh va Jalolobod kabi shaharlarda mojaro yana alanga olishi mumkinligini eng yirik tahdid deb ta’riflaydi.

Rasmiylar bilan uchrashuvlarda AQSh foydalanayotgan “Manas” tranzit markazi va uning ijara muddati tilga olinmagan.

Obama ma'muriyati Qirg'izistondagi mojaroni xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqargan holda hal etish kerak degan fikrda. AQSh Qirg'izistonda boshqaruv zaif ekanini tan oladi va uni quvvatlashga bel bog'lagan.
Obama ma'muriyati Qirg'izistondagi mojaroni xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqargan holda hal etish kerak degan fikrda. AQSh Qirg'izistonda boshqaruv zaif ekanini tan oladi va uni quvvatlashga bel bog'lagan.

Qirg’iz rahbariyati, deydi Makfol, qirg’in bo’yicha xalqaro tergov o’tkazish taklifiga ochiq.

“O’sh va Jalolobodda nima bo’lgani puxta, xolis tekshiruvdan o’tishi, tergov jarayoniga xalqaro mutaxassislar jalb qilinishi lozim”, - deydi rasmiy.

AQSh Davlat departamentida mintaqa uchun mas'ul Robert Bleyk ham o'tgan hafta "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusida, qirg'iz hukumatini o'zbek aholi xavfsizligini ta'minlashga chaqirib, tergov bo'lishi aniq; xalqaro miqyosda va mahalliy ravishda maxsus komissiyalar tuzilishi kutilmoqda deya ishonch bildirgan edi.

Yaqin kunlarda Almatida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatning tashqi ishlar vazirligi to’planib, Qirg’iziston janubidagi vaziyatni muhokama qiladi. Chetdan politsiya kuchlari olib kirish rejasi ko’rib chiqiladi.

XS
SM
MD
LG