AQShda kasaba uyushmalari 19-asrdan beri mavjud. Ular ishchilarni xavfli mehnat sharoitlaridan va ortiqcha jabr-zulmdan himoya qilish uchun tashkil etilgan. AQShda ishchilar harakati qanday rivoj topgani Vashingtondagi Amerika tarixi milliy muzeyidagi ko'rgazmalarda ham aks etgan.
Amerika kasaba uyushmalari tarixidagi eng muhim voqealardan biri 1886-yil 8-dekabrda yuz bergan. Shu kuni Samuel Gompers Amerika Mehnat federatsiyasiga asos solgan.
"AQShda individual muvaffaqiyat tushunchasi ko'pincha ittifoqlarning yuzaga kelishiga to'sqinlik qilgan. Sanoat kattalashar ekan, ittifoqlar zarur", - deydi muzey xodimi Piter Libxold.
Unga ko'ra, yuzlab yoki minglab ishchiga ega katta kompaniyalarda ishchilar o'z ovozi va kuchini boy beradi.
"Birgalikda ishchilar ko'proq kuchga ega bo'ladi va ishga yollash hamda ishdan bo'shatishni nazorat qiladi; ko'proq maosh so'ray oladi", - deydi u.
Libxoldning aytishicha, mehnatkashlarni jinsi, milati, irqi va ta'lim darajasiga qarab kamsitishlarni yengish oson bo'lmagan.
"AQShda ilk kasaba uyushmalari 19-asr oxirlarida tuzilgan. Keyinroq malakai ishchi ittifoqlari paydo bo'ldi", - deydi u.
Libxoldning hamkasbi Keslin Frenzga ko'ra, 20-asrga kelib kasaba uyushmalari ishchilar hayotida muhim rol o'ynagan.
"Ayniqsa, Yevropa, Sharqiy Yevropa kabi ilgaridan kasaba uyushmalari bo'lgan davlatlardan kelganlar uchun", - deydi u.
Ishchilar yakka holda yaxshiroq mehnat shartlarini talab qila olmagan. Buni guruh bo'lib uddalagan.
"Ular uy sotib olish, bolalarini kollejga jo'natish va Amerika orzusini yashash imkoniyatiga ega bo'lgan", - deydi Frenz.
Muzey xodimiga ko'ra, ko'plab amerikaliklar dastlab kasaba uyushmalariga qarshi bo'lgan. A'zolar soni 30 foizdan oshmagan. Uzoq vaqt o'tgandan keyingina ular o'sa boshladi. Bugungi avlod esa ko'p ishlarni uydan turib qilmoqda.
"Uyushmagan ishchilarni ittifoqlarga birlashtirish oson emas. Ammo yosh avlod birgalikda haqlarini talab qilish g'oyasini yaxshi o'zlashtirgan. Ular ittifoqlarga tez qo'shiladi", - deydi Frenz.
Har ikki mutaxassis fikricha, kasaba uyushmalari yashab qoladi, ammo shakli o'zgarishi mumkin.
Facebook Forum