Breaking News

AQSh qonunchilari Yevropadagi ittifoqchilarni tinchlantirmoqda


O’tgan hafta AQSh Prezidenti Donald Tramp Yevropadagi ittifoqchi davlatlar rahbarlari, Yevropa Ittifoqi va NATOni keskin tanqid qilishi ketidan dushanba kuni Xelsinkida Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog’ida Rossiya rahbarini tanqid qilishdan bosh tortgani Tramp tanqidchilari g’azabiga sabab bo’lmoqda.

Xalqaro hayot - 18-iyul, 2018-yil - AQSh qonunchilari Yevropadagi ittifoqchilarni tinchlantirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

Amerikalik ayrim tahlilchilar nazarida, Tramp Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro tartibni inkor etib, Amerikaning do’stu dushmanlarini yangidan belgilamoqda.

Vashingtonga qaytganidan so’ng katta bosim va keskin tanqidlarga uchragan Tramp vaziyatni tekislashga harakat qildi.

“Matbuot uchrashuvlarimni to’g’ri yoritmadi. Ularga ko’ra, men odamlarni haqorat qilganmishman. Agar odamlardan haqqini to’lashni talab qilish haqorat hisoblansa, mayli, shunday bo’la qolsin”, - dedi Tramp NATO haqida gapirarkan.

AQSh rahbariga ko’ra, uning Putin bilan uchrashuvi kutilganidan yaxshi o’tdi, biroq matbuot unga tanqidiy ko’z bilan qaradi.

“NATOdagi uchrashuv ajoyib bo’ldi, ko’p pul ko’tardik, biroq Vladimir Putin bilan muloqot undan-da a’lo bo’ldi, biroq soxta matbuotimiz bu haqda xabar bermayapti”, deb yozdi Tramp “Twitter”da.

Tanqidchilari Trampning Yevropa Ittifoqini g’anim deb ataganini ham qoraladi.

“G’animlarimiz ko’p. Yevropa Ittifoqi ulardan biri. Ayniqsa, savdo masalasida”, - dedi u.

Respublikachi qonunchilar yevropalik ittifoqchilarni tinchlantirishga harakat qildi.

“NATOni qadrlaymiz, dunyo tarixidagi eng muhim harbiy blok bu. Yevropa Ittifoqi bizga do’st, Rossiya esa yo’q”, - dedi senator Mitch Makkonel.

Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Yevropadagi ittifoqchilar Trampning Putin va NATOga doir izohlaridan hayratda.

“Ular AQSh bizdan yuz o’giryapti, xavfsizlik kafolatlari oldingiday bo’lmaydi, deb xavotirlanmoqda. Axir Tramp NATO sammitida, Yevropa Ittifoqi sammitida 70 yillik ittifoqchilarni, 11-sentabr voqealaridan so’ng, boshqa yirik global mojarolarda AQSh bilan birga bo’lgan ittifoqchilarni rosa tanqid qildi”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazidan Uilyam Pomerans.

Biroq boshqa ekspertlar AQShning NATOga munosabati o’zgarmaganini aytadi.

“Qo’shma Shtatlar Rossiyadan hayiqayotgan sharqiy Yevropa mamlakatlari mudofaasi uchun harakatlarini oshirmoqda”, - deydi “Stratfor” tashkilotidan Reva Gujon.

Yil oxirigacha NATOning bir nechta harbiy mashg’ulotlari rejalangan. AQShning ularda ishtirok etishi yoki etmasligidan ko’p narsa ravshan bo’lishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG