AQSh Kongressining ikki musulmon a'zosi - demokrat qonunchilar Kit Ellison va Andre Karson Merilend shtatida yaqinida qurilgan yangi Amerika Diyonat markaziga bordi. Mustaqil Tadbirkorlar uyushmasi va Prins Jorj okrugi musulmonlar kengashi tomonidan tashkil etilgan yig'inda kongressmenlar musulmonlarni siyosiy faollikka undadi.
"Respublikachilar nima desa desin, ammo Amerikada musulmon jamiyatlari ijobiy tilga olinadi", - deydi Vakillar palatasiga Minnesota shtatidan saylangan Ellison.
Qonunchiga ko'ra, musulmonlar Amerikaning sog'liqni saqlash, ta'lim va xavfsizlik kabi qator sohalarga katta hissa qo'shib keladi. Ammo jamoa siyosiy jihatdan zaif.
"Har biringiz siyosatga kirishingiz kerak. Buning eng yaxshi yo'li shtat yoki okrug darajasida faol bo'lishdir", - deydi Ellison.
Indiana shtatidan saylangan Andre Karson musulmonlarni o'z dinidan uyalmaslikka chaqirdi.
"Siz Amerika jamiyatining bir qismisiz, buni ko'rsatish juda muhim", - deydi Karson.
"11-sentabr voqealaridan keyin bizning manfaatlarimizni himoya qilib hech kim chiqmadi. Muammolarimiz va haq-huquqlarimiz haqida gapiradigan odamlarga ehtiyojimiz borligini tushundik".
Donald Tramp, prezidentlikka nomzod respublikachi, musulmonlarga qarshi gapirayotgan bir paytda, bu din vakillari saylovda faol ovoz berishi kerak, deydi Karson.
Milliarder Tramp, agar prezident bo'lsa, musulmonlarning mamlakatga kirishini cheklamoqchi.
Millionlab musulmonlar yashaydigan Amerikada siyosatga aralashish juda muhim, deydi Karson.
Amerika Diyonat markazi Turkiya Diyonat ishlari vazirligi tomonidan moliyalangan. Islomiy markaz shu oy oxirida rasman ochiladi. Marosimda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an ishtirok etishi kutilyapti.