Breaking News

Amerikada qoradori savdosiga qarshi kurash va fuqaro shikoyatlari


AQShda narkotiklar savdosiga qarshi kurashdagi eng asosiysi vosita majburiy minimal qamoq jazosi hisoblanadi. Narkotik modda turi va hajmiga qarab unga egalik qilgan yoki olib-sotgan odam bir necha yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Tanqidchilar qonun sudyalar qo’lini bog’laydi, deydi, mamlakat qamoqlarida mahbuslar sonining ko’payishi aynan shu qonun asorati, deb ta’kidlaydi.

1998-yilda egizaklar Lorens va Leymont Garrison Vashingtondagi nufuzli universitetni bitirish arafasida edi. Ikkovi ham AQSh Adliya vazirligi xodimi, huquqshunoslik bo’yicha o’qishni davom ettirish niyatida edi. Biroq kutilmaganda hayoti alg’ov-dalg’ov bo’lib ketdi.

Aka-uka Garrisonlarning avtomobilini sozlagan usta qoradori, xususan kokain savdosida ayblanib qamaladi. Politsiyaga u Garrisonlar ham narkobiznes qiladi deb ko’rsatma beradi.

“Meni so’roq qilishdi. Menga Tito Abea suratini ko’rsatib, “bu yigitni taniysanmi”, deb so’rashdi. Men “ha, u meni mashinamni tuzatgan,” dedim”.

Garrisonlar aybdor deb topilib, majburiy minimal qamoq jazosiga hukm etildi. AQSh qonunlariga ko’ra, qoradori savdosiga qo’l urgan kishi qamoq jazosini o’tashi kerak.

Tergovning ilk bosqichida garaj egasiga 10 yil majburiy qamoq jazosi berish haqida gap borgan. Muddatni kamaytirishning yagona yo’li - boshqa odamni aybdor deb ko’rsatish edi.

Majburiy qamoq jazosi – narkotiklarga oid jinoiy ishlarda keng tarqalgan amaliyot. Tanqidchilar narkobiznesga umuman aloqasi bo’lmagan odamlar ham qamalishi mumkin deb keladi.

Juli Styuart – mana shu masalani ko’tarib chiqayotgan faollardan biri.

“Ayblanayotgan kishi boshqa birovni “sotadi”. Ba’zida soxta ismni o’ylab topadi. “Ha, falonchi qildi buni. Uni bir marta ko’rganman, xolos”, deydi”.

Leymont Garrison tergovchilar bilan bo’lgan suhbatni eslaydi:

“Menga “Janob Garrison, o’zingizni qutqarish imkoni bor sizda”, deyishgan. Men “O’zimni qutqarish? Nima demoqchisiz?” deganimda, ular “siz falon ishlarga qo’l urgansizlar, bizga shularni aytib berasiz”, degan”.

“Ularning eng samarali uslubi aynan shu. Lekin bu xuddi ayblanuvchi boshi ustida bolta bilan turib, yoki bizga ma’lumot berasan, yoki 5-10 yilga “kesilasan”, degan bilan baravar,” - deydi Styuart.

AQSh Sudlar uyushmasi majburiy minimal qamoq jazosiga qarshi. Sudyalar qo’lini bog’laydi bu qonun, deydi ular.

Garrisonlar hech qanday aybi yo’qligini ta’kidlab kelgan. Biz narkotiklarga aralashmaganmiz, boshqa birovni ham bu ishda ayblashni xohlamadik, deydi.

Virjiniya hakamlar sudi garaj egasi va uning akasi aytgan gaplarga asoslanib, hukm chiqargan. Boshqa asos-dalil taqdim etilmagan.

Lorens qamoqda umrining 12 yilini o’tkazdi, ukasi – 14 yilni. Ularni jinoyatda ayblagan garaj egasi esa bir yarim yil qamoqda o’tirib, ozodlikka chiqqan. Aka-ukalar qonunlar haqida gapirishni yoqtirmaydi. Adolat izlamoqchi emas. Tizimga ishonchi yo’qolgan ularning.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG