Breaking News

Ko’plab amerikaliklar marixuana man etilmasin deydi


Marixuananing bir necha turi maxsus tibbiy markazda sotuvda. Denver shahri, Kolorado shtati. 2012-yil
Marixuananing bir necha turi maxsus tibbiy markazda sotuvda. Denver shahri, Kolorado shtati. 2012-yil
6-noyabr kungi saylovda Amerikaning ayrim shtatlarida marixuana, ya’ni nasha iste’molini qonunlashtirish masalasi ham ovozga qo’yilgan edi. Kolorado va Vashington shtatlarida aksariyat saylovchilar bu tashabbusni qo’lladi. Endi marixuana savdosi qonun-qoidalari va unga solinadigan soliq masalasi ko’rib chiqilishi kerak. So’ngra yangi qonun kuchga kiradi – agar federal hukumat yo’q demasa. Gap shundaki, federal miqyosda bu modda iste’moli man etilgan. Prezident Barak Obama yangi qonunni bekor qilishi mumkin.

Marixuana va Amerika/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:10 0:00
Yuklab oling

AQShda marixuana iste’molini qonunlashtirish kerak deb kelgan guruhlar uchun bu tarixiy g’alaba bo’ldi. Kolorado va Vashington shtatlari saylovchilari nafaqat tibbiy maqsadda, balki dam olish uchun ham nasha chekish mumkin deya ovoz berdi.

Morgan Foks tashabbus ortida turgan lobbichilardan:

“Kolorado va Vashington fuqarolari masalani o’zi hal qilishga qaror qildi. Marixuanani man etish samara bermayotganini ko’rdi-da ular”.

Marixuana iste’moliga ruxsat berish kerak deb hisoblaydiganlar nazarida, amaldagi taqiq davlat byudjeti uchun ziyon. AQSh hukumati ma’lumotlariga ko’ra, yiliga 750 ming odam yonida nasha bilan hibsga olinadi. Ular bilan shug’ullanish uchun 40 milliard dollardan ziyod mablag’ kerak.

Narkotiklar bo’yicha siyosat uyushmasi vakili Jasmin Tayler marixuanani man etishni 1920-yillarda spirtli ichimliklarni taqiqlanganiga qiyoslaydi.

“Alkogol ichimliklariga qarshi qonun bekor qilinishiga ham xuddi shu omillar sabab bo’lgan. Odamlar taqiqdan foyda emas, balki ziyon kattaroqligini tushungan”.

Adliya vazirligi hozircha yangi o’zgarishga munosabat bildirmadi, biroq federal qonunlar kuchda ekanini eslatdi.

Xo’sh, Obama ma’muriyati federal qonunlar amal qilsin deb yangi o’zgarishlarni bekor qiladimi? Bu hozircha mavhum.

Kolorado ahli bu savolga “ha” deb javob berdi. Butun mamlakat bo’ylab o’tkazilgan so’rovlar ham aksariyat amerikaliklar yangi tashabbus tarafdori ekanini ko’rsatgan.
Jasmin Tayler:

“Ha, deb ovoz berganlar juda ko’p. Marixuanani qonunlashtirish tarafdorlar soni oshib bormoqda. Uni tibbiy yoki dam olish maqsadida iste’mol qilish masalasiga endi ko’z yumib turolmaymiz”.

Narkotik moddalar nazorati bilan shug’ullanadigan arboblar esa Obama ma’muriyati yangi o’zgarishlarni bekor qiladi degan fikrda.

Marixuana bo'yicha yangi qonunlar/US Marijuana Laws Pass
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:57 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG