Breaking News

Obama Senatdan Dengiz qonuni bitimini ratifikatsiya qilishni so'radi


Obama ma'muriyati Senatni 1982-yilda BMTda qabul qilingan Dengiz qonuni bitimini ratifikatsiya qilishga chaqirmoqda. Bungacha bitimni tasdiqlashga qaratilgan harakatlar samara bermagan.

Xitoyning Sariq dengizga da'vosi kuchayar va bu qo'shni davlatlarga tahdid solar ekan, Oq uy nazarida shartnoma AQShni dengizda harbiy mashg'ulotlar o'tkazish huquqi bilan ta'minlaydi.

Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta Senatda qonunchilar oldida so'zladi. Uning aytishicha, jahon bo'ylab dengizda harakatlanish va iqtisodiy zonalarga doir qoidalarni belgilovchi 30 yillik qonun Qo'shma Shtatlar uchun juda muhim.

Uni tasdiqlasak, Amerikaning harbiy va tijoriy kemalari hamda samolyotlarida zarur bo'lgan manzilga borish imkoni bo'ladi, deydi Panetta.

"Bunday imkoniyatdan quruq qolmasligimiz, global lider rolini to'laligicha qo'lga olishimiz kerak. Buning uchun bu muhim hujjatni ratifikatsiya qilish zarur. Dengizda ijtimoiy tartib o'rnatishning qonuniy vositasidir bu. Xavfsizlik Kengashining bitimni qabul qilmagan yagona a'zosimiz", - deydi mudofaa vaziri.

Obama ma'muriyatiga ko'ra, hujjat Senat tasdig'idan o'tsa, AQSh harbiy-dengiz floti Xitoy yaqinidagi joylarda mashg'ulotlar o'tkazishi mumkin bo'ladi.

Bitimga a'zo Xitoy dengizda sohillaridan 370 kilometrgacha bo'lgan maydonni eksklyuziv iqtisodiy zona deb, xorijiy kemalarning hududda mashg'ulot o'tkazishini taqiqlab keladi. AQSh nazarida esa sohildan 22 kilometr narida nazorat bo'lishi mumkin emas.

AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari generak Martin Dempsining aytishicha, agar Qo'shma Shtatlar bitimni tasdiqlasa, munozarali masalalarni qonun doirasida hal etish imkoniga ega bo'ladi.

"Bu bilan ayrim mojarolarni samarali hal etish vositasini qo'lga kiritamiz. Zambaraklar emas, balki qonun yordamida, hamkorlik orqali", - deydi Leon Panetta.

Kongressdagi ayrim qonunchilar xavotiriga ko'ra, AQSh hujjatni ratifikatsiya qilsa, neft va minerallar ustidan huquq nazoratining katta qismi BMT qo'liga o'tadi. Amerika bitimni qabul qilsa ham Xitoy da'vosidan kechmaydi, deydi ular.

Xitoy harbiy qudratini oshirar, AQSh esa Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan hamkorlikka zo'r berar ekan, Obama ma'muriyati bitim Amerika maqsadlarini amalga oshirishda yordam beradi, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG