AQShda bir haftada uch joyda sodir etilgan ommaviy otishmalar qurol nazorati haqidagi munozaralarni yana avj oldirdi. 28-iyul kuni Kaliforniya shtatining Gilroy shahrida uch kishi, 3-avgustda Texasning El-Paso shahrida 20 odam va 4-avgust kuni Ogayoning Deyton shahrida to’qqiz kishi otishmalarda nobud bo’lgan. Ko’plab odam jarohat olgan, ba’zilarining ahvoli og’ir.
Qotillarni bunday jinoyatga qo’l urishga nima majbur qilgan va bu kabi zo’ravonliklarga qanday chek qo’yish mumkin? Mana shu savollar ayni damda ko’p berilmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Texasning “Volmart” universamidagi otishmani qoralab, voqeani fojia va qo’rqoqlik harakati deb atagan. Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va sobiq vitse-prezident Jo Bayden zo’ravonliklarni to’xtatish uchun chora ko’rishga chaqirgan.
El-Pasodagi mudhish voqea ketidan Ogayo shtatida ham o’q ovozlari yangradi. Politsiya zudlik bilan ishga tushib, bir daqiqadan so’ng qurollangan shaxsni otib o’ldirgan. Ko’plab odamlarning hayoti saqlab qolindi. Qurbonlar orasida 24 yashar qotilning singlisi ham bor.
Bundan bir hafta oldin esa Kaliforniyada bir odam uch kishini otib o’ldirib, so’ng o’z joniga ham qasd qilgan.
Kaliforniya va Ogayodagi otishmalar sababi aniqlanmoqda. Politsiya texaslik qotil latinolarni nishonga olgan bo’lishi mumkinligini aytgan.
“Federal qidiruv byurosi hozir shu bilan shug’ullanmoqda”, - deydi El-Paso politsiyasi boshlig’i Greg Allen.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo’lsak, AQShda har kuni bittadan ko’p otishma ro’y bermoqda. Qotilning ruhiy kasalligi, ekstremistik g’oyalarga berilgani, hujumkor qurollar savdosining man qilinmagani bunday voqealarga sabablardan bir nechtasi. Mavzu prezidentlikka nomzodlar tarafidan ham faol muhokama qilinmoqda.
“Qurolga egalik qilishga doir qonunlarni qayta ko’rib chiqish, xaridorlar shaxsini yagona sistema orqali tekshirish lozim, hujumkor qurollar savdosini to’xtatish zarur hamda misli ko’rilmagan adovatga chek qo’yish kerak“, - deydi Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Beto Orurk.
Amerika shu kunlarda motamda. Yaradorlar uchun qon to’planmoqda.
Facebook Forum