Breaking News

AQSh Yevropaga bir necha ming qo'shin yuborishi mumkin


Arxiv surat
Arxiv surat

Rossiya Belarusga qo’shma mashqlar uchun harbiy yuborib, Ukraina bilan chegarada qo’shinlari sonini oshirdi. Oq uy Rossiyaning ushbu harakatlariga javoban Yevropaga 8500 amerikalik askarni safarbar etish ustida o’ylanmoqda.

Xalqaro hayot - 25-yanvar, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:59 0:00

“Prezident Putinning aqlida nima borligini bilmaymiz, biroq chegaradagi tayyorgarliklarni ko’ryapmiz. Bu haqda aniq gapirganmiz. Rossiya istalgan payt harbiy chora ko’rishi mumkinligi haqida prezidentimiz ochiq aytgan. Sharqiy Yevropadagi mamlakatlar bilan muhokamadamiz”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

AQSh askarlarni Yevropaga yuborish bilan birga Kiyevdagi elchixonasidan ayrim xodimlarni evakuatsiya ham qilmoqchi.

Dushanba kuni Jo Bayden Yevropa, Yevropa Ittifoqi va NATO rahbarlari bilan telefonda Rossiyaga qarshi yirik iqtisodiy sanksiyalarga tayyorgarlik xususida gaplashdi.

Ukraina rus qo’shinlari hujumiga hozirlanarkan, ukrainalik ayrim askarlar AQSh-Rossiya muloqotida ularning mamlakati yo’qligidan norozi.

“Ikki mamlakat uchinchisining kelajagini muhokama qilyapti. Bu to’g’ri emas. Biz ham muzokaralarda qatnashishimiz kerak edi”, - deydi ulardan biri.

Rossiya siyosatini o’rganayotgan tahlilchilar AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning diplomatik mahoratiga ishora qilarkan, mojaro yuz berishiga ishonmaydi.

“Bu ochiq to’qnashuvga hozircha aylanmagan qarama-qarshilikdir. Qiyalik darajasini belgilashga hali ham imkon bor, garchi bu imkon ancha olis tuyulsa-da. Muhimi, muloqot ketyapti”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Endryu Loysen.

Rossiya o’z takliflariga AQShdan yozma javob kutmoqda. Ulardan biri - NATO qurollari va qo’shinlarini Sharqiy Yevropadan chiqarish. Biroq alyans Moskva taklifini qabul qilishdan bosh tortibgina qolmay, hozirgi vaziyatda ayrim a’zo mamlakatlarda harbiylari sonini oshirmoqchi.

Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Rossiya rahbari arqonni uzun tashlab qo’ygan.

“Putin dzyudoni yaxshi ko’radi. Va sportning bu turida g’alabaga kamdan-kam hollarda siltab tashlash orqali erishiladi. G’alaba ochkolar hisobiga qo’lga kiritiladi. Kurashda nokaut yo’q. Putin hozircha g’alaba qilgani yo’q. Ammo NATOni sinamoqda. NATO esa chayqalmoqda, tarqoqligini ko’rsatmoqda. Putin har safar biror narsa deganida yoki qilganida Amerika prezidenti zudlik bilan javob beryapti yoki ittifoqchilar majlisini chaqiryapti. Mana shu yo’l bilan Putin ko’p ochko to’playapti. G’alabaga erishayotganiga shubha yo’q”, - deydi vashingtonlik yana bir tahlilchi, “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Leon Aron.

Daniya NATOning Boltiq dengizidagi qo’shinlarini kuchaytirish uchun bir harbiy kema vato’rtta F-16 qiruvchi samolyot yubormoqda. Samolyotlar Litvada joylashadi. Kema esa NATO harbiy-dengiz kuchlari tarkibida xizmatni dengizda o’taydi.

Ispaniya, Niderlandiya, Fransiya ham Sharqiy Yevropaga qo’shin yubormoqchi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya AQSh va NATOning mintaqada harbiylari sonini oshirishi haqidagi bayonotlarini diqqat bilan kuzatmoqda.

"Hozirgi vaziyatning muzokara jarayoniga ta’siri yo’q. Muzokaralarning hozirgi bosqichi yakunlangan. Ularni davom ettirish va qanday davom ettirishni tushunish uchun takliflarimizga javoblarni olishimiz kerak. Shu hafta olamiz degan umiddaman. Ziddiyatlarlarning kuchayishini jiddiy xavotir bilan kuzatyapmiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG