Breaking News

AQSh Meksika bilan chegara punktini yopib qo'ydi


Minglab migrantlar AQSh chegarasida, endi nima?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Qo'shma Shtatlar Kaliforniya shtatining San-Diyego shahri va Meksikaning Tixuaga shahri o'rtasidagi chegara punktini yopib qo'ydi. 25-noyabr kuni 500 dan ziyod migrantlar Meksika tomondan o'rnatilgan blokadalarni yorib o'tishga harakat qilgach, shunday qarorga kelingan.

AQSh chegarachilari chegara tomon talpingan olomonni orqaga qaytarish uchun ko'zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan. Meksika politsiyasi 39 kishini hibsga olgani ma'lum. Rasmiylarning aytishicha, huquqbuzarlar Meksikadan deportatsiya qilinadi.

Markaziy Amerika davlatlaridan yo’lga chiqqan migrantlar 4000 kilometr masofani bosib o’tib, o'tgan hafta AQSh-Meksika chegarasigacha yetib kelgan. Ular Amerikadan boshpana olmoqchi. Meksikaning Tixuana shahrida qo’nim topgan karvonga har kuni yuzlab odamlar kelib qo’shilmoqda.

Tramp ma’muriyati chegaraga yuborgan minglab askarlar qo’shimcha to’siqlar o’rnatyapti. Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsenga ko’ra, mamlakatga hech kim noqonuniy kirmaydi va hech kimga jiddiy sababsiz boshpana berilmaydi.

Avvalroq Prezident Donald Tramp mamlakatga kirmoqchi bo’lgan har bir shaxsning ishi sudda ko’rib chiqilmaguncha ular Meksikada kutadi degan edi. Meksika hukumati esa Vashington bilan bunday kelishuvga erishilganini rad etmoqda.

Minglab migrantlarning bir qismi Tixuana shahri stadionlaridan biriga joylashtirilgan, qolganlari, jumladan ko’plab ayollar va bolalar ko’chada.

AQSh chegarachilari
AQSh chegarachilari

Ikki mamlakatni devor ajratib turadi. Leomaris Albarenga eri va bolalari bilan bu yerga Gondurasdan bir oy oldin kelgan. AQShdan boshpana olish uchun yana 1400 kishi qatorida navbat kutmoqda.

AQSh chegarachilari kuniga taxminan 100 kishini ro’yxatga oladi. Meksika hukumatiga ko’ra, Tixuanaga kelayotganlar yaqin orada 10 mingdan oshishi mumkin.

“Yo’lda ko’p marta tushkunlikka tushdik, Gondurasga qaytmoqchi bo’ldik. Lekin xudoning o’zi menga kuch berdi”, - deydi Albarenga.

Karvon bilan kelganlarning ko’pi palatkalarda turadi. Kuniga ikki marta ovqat beriladi. Tixuana shahri xavfsizlikni ham o’z zimmasiga olgan.

“Muhimi, xavfsizlik va tozalikni ta’minlayapmiz. Muhojirlardan iborat brigadalar tuzganmiz. Katta joy, odam ko’p, shunga yarasha ishimiz ham ko’p”, - deydi ijtimoiy xizmatlar idorasidan Manuel Sandoval.

Navbat kutib, og’ir sharoitda yashayotgan bo’lishsa ham, ko’pchilik Qo’shma Shtatlarga eshik ochiladi deb ishonadi.

“Yomon odamlar emasmiz. Bizga imkoniyat bering, chunki o’z vatanimizda imkoniyat yo’q. Farzandlarimiz kelajagini o’ylayapmiz”, - deydi Leomaris Albarenga.

AQSh ichki xavfsizlik vaziri chegara hududni ko’zdan kechirar ekan, ish izlab kelganlarga boshpana berilmaydi, deydi.

“Yolg’ondan boshpana so’rayotganlar sababli asosli da’volar orqada qolib ketadi. Karvon bilan kelish sizga bu mamlakatga kirish huquqini bermaydi. Hujjatlaringiz allaqachon navbatda turgan odamlardan keyin ko’rib chiqiladi”, - deydi vazir Kirsten Nilsen.

Meksikaning Tixuana shahriga kelasi haftalar ichida yana minglab migrantlar kelishi kutilmoqda. Parklar, ko’chalar gavjum. Mahalliy hokimiyat bu ishni uddalay olmaydi, deydi rasmiylar.

“Meksika markaziy hukumati hokim va merlarga quloq tutib, bu vaziyatga aralashishi kerak. Tixuana odamga to’lib ketyapti”, - deydi rasmiylardan biri.

Tixuana shahri yangi kelayotganlarga ham, AQShga kirish uchun navbat kutayotganlarga ham imkon boricha yordam beryapti. Mehnat yarmarkalari ham o’tkazilmoqda.

“Gondurasga qaytish niyatim yo’q. Doim AQShda yashashni orzu qilganman”, - deydi goduraslik ayol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG