Breaking News

AQSh va Meksika markaziy amerikalik migrantlar bo'yicha kelishib oldi


Meksika-Gvatemala chegarasi. AQSh bilan erishilgan kelishuv bo'yicha Meksika Gvatemala bilan chegarani qattiqroq nazorat qilishga so'z berdi
Meksika-Gvatemala chegarasi. AQSh bilan erishilgan kelishuv bo'yicha Meksika Gvatemala bilan chegarani qattiqroq nazorat qilishga so'z berdi

AQSh va Meksika prezidentlari umumiy chegarada markaziy amerikalik migrantlar oqimini kamaytirishga qaratilgan chora xususida kelishib oldi. Tramp qo’shni davlatni bunday kelishuvga undash maqsadida Meksika eksportlariga qo’yilishi aytilgan tariflarni to’xtatishga qaror qilgan.

Donald Tramp buni o’z g’alabasi sifatida ko’rmoqda, Meksika rahbari Andres Manuel Lopes Obrador esa savdo urushining oldi olinganidan xursand.

“Agar Meksikaga tariflar joriy etilsa, AQShning ba’zi mahsulotlariga qarshi tarif qo’yish noqulay bo’lardi, qiyin ahvolda edik, ammo hozirgi og'ir vaziyatdan chiqishga muvaffaq bo’ldik”, - dedi.

Meksika janubda Gvatemala bilan chegarani yaxshiroq qo’riqlashga, AQShda boshpana uchun arizalari ko’rilayotgan migrantlarni jarayon tugatilmaguncha o’z hududida ushlab turishga so’z berdi.

AQShdagi respublikachi qonunchilar kelishuvdan mamnun. Senatda ko’pchilik sardori Mitch Makkonel tariflar urushi amerikaliklarga foyda keltirmaydi derkan, demokratlarni siyosiy o’yinlarni chetga surib AQSh-Meksika chegarasidagi amaliyotlar uchun qo’shimcha pul ajratishga chaqirdi.

Biroq demokratlar nazarida, Tramp harakatlari migrantlar inqirozini yanada kuchaytirgan.

“Prezident yutuqlarini bo’rttirib ko’rsatyapti. Bu kelishuvni oylar oldin Meksika olg’a surgan edi. Tramp esa eng muhim savdo hamkorimiz bilan aloqalarni yomonlashtirishdan boshqa narsaga erishgani yo’q. AQSh va Meksika o’rtasidagi savdo Qo’shma Shtatlarda olti million odamni ish bilan band qilib turibdi”, - deydi demokratlardan prezidentlikka nomzod Beto Orurk.

Ikki davlat o’rtasidagi kelishuv natijasida markaziy amerikalik migrantlar uchun AQSh yanada olislashdi. Ammo ular bo’sh kelmoqchi emas.

“Chegarani yopsa ham, mingta devor qursa ham, hamma dovonlardan o’tamiz”, - deydi gonduraslik bir migrant.

Ayni damda har oy 100 mingdan ziyod xorijlik AQSh-Meksika chegarasiga kelishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG