Breaking News

Jadal iqtisodiy o'sish saylovda Trampga qo'l keladimi? 


AQSh mehnat bozorida
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

Ommaviy so’rovlarga qaraganda, AQShda aholining yarmi hozirgi iqtisodiy ahvolni a’lo deb baholaydi. Ammo boshqa masalalarda bo’lgani kabi, jamiyatda fikrlar ikkiga bo’lingan. Demokratlar nazarida Obama davrida ekilgan daraxtlar bugun meva berayapti, respublikachilar esa o’sishni Donald Tramp olib borayotgan siyosat bilan bog’laydi. Xo’sh, noyabrdagi saylovda fuqarolar nimaga qarab ovoz beradi?

2000-yillar oxirida ishlab chiqarish sanoatida 100 ming ish o’rinni boy bergan Ogayoni 2016-yilda Donald Tramp yutib ketgan edi. Bugun shtatda zavod-fabrikalar qayta ochilmoqda.

“O’sish to’rt yoki sakkiz yil oldin boshlanganmi, muhimi, to’g’ri yo’ldan ketyapmiz”, - deydi Ogayo kasb-hunar kollejini yaqinda tamomlagan Markus Odoms.

Uning ishlab chiqarishni avtomatlashtirish sohasida sertifikati bor. Ishning katta qismi robotlarga yuklanayotgan sanoatlarga Odoms kabi muhandislar kerak.

“Ota-onangiz fabrikada ishlagan bo’lsa, siz ham shu korxonadan ish topasiz degani emas. Hozir malakasiz mehnat turlariga ehtiyoj uncha katta emas. Zavodlar robotlarga, yuqori texnologik uskunalarga tayanadi. Ish topish uchun sizga malaka kerak”, - deydi treninglar bo'yicha koordinator Temi Norris.

Bu esa keksaroq ishchilar uchun imkoniyatlarni cheklaydi. Masalan, Ogayoning Toledo shahrida ishsizlar ko’p.

“Gap yangi ko’nikmalarni egallashda. Ishsizlik darajasi 5 foiz yoki undan ham pastga tushsa, bilamizki, ishlashni xohlaydigan ishini topib bo’lgan. Topa olmagan bo’lsa, demak, ularning istagi yoki sharoiti boshqa”, - shahar Tijorat palatasi rahbari Vendi Gramza.

Toledo 2016-yilda Hillari Klintonga, qishloq okruglari esa Trampga ovoz bergan. Iqtisodiy o’sishni Tramp siyosati bilan bog’liq ko’radigan saylovchilar kelasi oy uning partiyasiga ovoz berishga moyil.

Boshqalar esa AQSh-Xitoy savdo urushi oqibatlaridan, soliqlar pasaytirilgani tufayli byudjet kamomadi oshib borayotganidan xavotirda. Ayrimlar saylovga chiqmoqchi ham emas.

“Ovozim nimani o’zgartiradi?”, - deb so'raydi Brendi Korvin.

U ishlagan zavod yopilib ketgan. Korvin fikricha, AQSh iqtisodiyoti krizisni yengib o’tganida ham Obamaning, ham Trampning roli bor. Ammo Vashingtondagi siyosiy mashmashalar uni ovoz berishdan aynitganini aytadi.

“Avvallari kimni saylasak mamlakat uchun yaxshi, oldinga harakat qilamiz desak kimni saylashimiz kerak, deb savol berardik. Hozir hamma bir-biriga loy chaplash bilan ovora”, - deydi suhbatdosh.

Savdo va iqtisodni hech kim menchalik tushunmaydi, deb kelayotgan Tramp Kongress saylovlarida ham ustun kelishiga ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG