Breaking News

Afg’onistonda bahorgi hujumlar mavsumi boshlandi


Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya kuchlari Tolibonning bahorgi hujumlariga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Har yili ko’klamda harbiy bazalar va diplomatik idoralarga qarshi xurujlar avj oladi.

Bahorgi harbiy operatsiyalar boshlanayotgani haqida jangarilar audio bayonotda e’lon qildi. Fuqarolarni Hamid Karzay hukumatidan uzoqroq yurishga, yoshlarni armiya va politsiyaga qo’shilmaslikka chaqirdi.

Maqsad, deyiladi bayonotda, “G’arb istilochilari”ni mag’lub etish, Afg’onistonni sekin-asta tark etayotgan xorijiy qo’shinlarni mamlakatdan haydab chiqarish.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, xavfsizlikni afg’onlarga topshirib qo’yishning o’zi bo’lmaydi.

“Bu jarayon to’g’ri tashkillashtirilishi, mahalliy armiya va ittifoqchi davlatlar bilan maslahatlashgan holda olib borilishi zarur”, - deydi u.

Afg’on askarlari bu mavsum ilk bor oldingi safda turib jang qiladi, demak, ular jangarilar tomonidan ko’proq nishonga olinishi ham turgan gap. Xalqaro qo’shinlar tayanch roliga o’tadi.

Afg’oniston bo’yicha izlanuvchi nohukumat tashkilotlariga ko’ra, joriy yilning birinchi choragida Tolibon va boshqa guruhlar tomonidan hujumlar o’tgan yilga qaraganda 47 foizga oshgan. Oddiy odamlar orasida o’lim hollari esa 30 foizga.

Tahlilchi Johan Blank so’zlariga ko’ra, Tolibon afg’on armiyasiga bas kela olishini ko’rsatishga, zobitlar orasida qo’rquv uyg’otishga harakat qilayapti.

Qo’shma Shtatlar 66 ming askarining katta qismini 2014-yilning dekabrigacha Afg’onistondan olib chiqadi. Murabbiylik vazifasida qancha askar qolishi hozircha ma’lum emas.

Afg’on armiyasi jang maydonida o’zini qanday ko’rsatishiga qarab G’arb davlatlari bir qarorga keladi.

Kuni-kecha Afg’oniston-Pokiston chegarasida ro’y bergan otishmada bir afg’on askari halok bo’lib, Pokiston tomonidan ham ikki kishi yaralangan.

Voqeada davlatlar bir-birini ayblamoqda, ammo kuzatuvchilar o’rtada chegara chiziqlari aniq tortilmagani, jangarilar har ikki tarafda bemalol harakat qilishini qayd etadi.

Hamid Karzay ma’muriyati Tolibon bilan muzokarada Pokiston yordamiga muhtoj bo’lsada, qo’shni davlatga ishonmaydi. Chunki Tolibon orqasida turgan - Pokiston xavfsizlik kuchlari, deydi afg’on rasmiylari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG