Breaking News

AQSh maymunchechakka qarshi global miqyosda kurashmoqchi


Dunyoda yangi epidemiya ehtimoli vujudga kelyapti. Afrika markazida paydo bo’lgan maymunchechak shu kunga qadar 75 ta mamlakatga yoyilib, 16 mingdan ziyod odamni kasal qildi. Virus eng tez AQShda tarqalmoqda, 3400 dan ziyod holat aniqlangan.

Xalqaro hayot - 26-iyul, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:30 0:00

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti maymunchechakni xalqaro miqyosda sog’liqni saqlash tizimiga tahdid deb e’lon qildi. 2014-yilda ebola, 2016-yilda zika va yaqingacha COVID-19 ham global favqulodda holat deb tan olingan edi.

AQSh rasmiylari maymunchechak pandemiyasiga tayyor ekanini aytadi.

“Test, emlash, muolaja salohiyatimizni kuchaytirishga harakat qilamiz. Amerikaliklarga virus xavfini va davlat qo’llayotgan choralarni tushuntiramiz”, - deydi Oq uyda COVID-19 ga qarshi siyosatga mas’ul Ashish Jxa.

Maymunchechak alomatlari grippnikiga o’xshaydi, husnbuzar yoki toshma kabilarning hosil bo’lishiga ham sabab bo’ladi. Shifokorlar jamoatchilikni tinchlantirishga harakat qilyapti. Ularga ko’ra, koronavirusdan farqli o’laroq maymunchechak virusi yaqin aloqada bo’lgandagina yuqadi, undan vaksina ham tayyor.

Bayden ma’muriyati 2023-yil o’rtasigacha salkam 7 million dona vaksina aholiga taklif etilishini bildirmoqda. Shtatlardagi sog’liqni saqlash boshqarmalari esa maymunchechakdan davolanishni o’rgatuvchi pulli kurslar tashkil etyapti.

Qo’shma Shtatlar boshqa mamlakatlarni ham tezkor chora ko’rishga undayapti.

“Mamlakatlarga test o’tkazish uchun laboratoriyalarni o’rnatishda yordam beramiz. Virus hozir ko’p davlatlarga tarqalgan. Yevropa, boshqa qit’alardagi hamkorlarimiz bilan aloqadamiz”, - deydi Jxa.

Virus “maymunchechak” deb atalsa-da, aslida kemiruvchi hayvonlardan tarqalgan. Undan eng yaxshi himoya vaksinadir. Shu sabab, deydi shifokorlar, sog’liqni saqlash tizimini izdan chiqarmaslik uchun emlash kampaniyasini jadallashtirish lozim. Maymunchechak, asosan, gomoseksual erkaklar orasida tarqalyapti.

“Agar AQSh hukumatining maymunchechak virusini jilovlash niyati qat’iy bo’lsa, uni boshlang’ich bosqichda nazoratga olish yo’llarini topish kerak. Ya’ni virus eng ko’p tarqalgan mamlakatlarda emlashni kuchaytirish kerak”, - deydi Baltimordagi Jons Xopkins nomidagi salomatlik xavfsizligi markazidan Amesh Adalja.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG