Breaking News

Amerika qachon Oyga qaytadi?


Oyga safar qilgan fazogirlar bilan suhbat/Apollo-17
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00
Amerika fazogirlari Yujin Kernan va Xarrison Shmit 1972-yil dekabrida “Apollon-17” missiyasi chog’ida Oyni oxirgi bor kezgan edi. Inson o’shandan beri bu sayyoraga qadam bosmagan. Chikagoda bu missiyaning 40 yilligi tantana qilinmoqda.

“Oyga qaytamiz hali. Marsga parvoz qilamiz hali. Qachon ekanini aniq ayta olmayman”,- deydi Kernan.

Iste’fodagi kosmonavt Yujin Kernan oyni aylangan sanoqli, omadli insonlardan biri.

Kernan qo’shni sayyorada oxirgi bor bo’lib qaytgan yagona inson.

“Oradan 40 yil o’tib hali ham oyda bo’lgan oxirgi kosmonavt ekanimni bilish, o’sha yo’lakdan boshqalar o’tmaganini bilish achinarli”,- deydi u.

Yujin Kernan va uning hamkasbi Xarrison Shmitt 1972-yilning dekabrigi tarixiy safarning 40 yilligini nishonlayapti. Marosim Chikagodagi Adler Planetariyida o’tmoqda.

O’sha olis sana, 19-dekabrda Yerga qaytar ekan, Shmitt va Kernan oradan yillar o’tib, mislsiz o’zgarishlar bo’ladi deya umid qilgan. Holbuki, oldinga siljish yo’q hisob.

“O’shandan keyin 40 yil, hatto 50, 60 yil o’tadi, Amerika esa Oyga qaytish-qaytmasligi gumon bo’lib qolaveradi, deb kim o’ylabdi? Xayolimga kelmagan edi bunaqasi”,- deydi Shmitt.

“Yarim asr oldin 250 ming mil masofani bosib o’tib, to’siqlarni yorib o’tdik. Lekin kelajak tomon olg’a qadam bosmadik. To’xtadik”,- deydi Kernan.

Prezident Jorj Bushning Oyga qaytish taklifi qog’ozda qolib ketdi. Undan keyin kelgan rahbar Barak Obama loyihani zarur ko’rmadi.

Byudjet kamomadi va iqtisodiy tanglik fonida Amerika qonunchilari fazoviy tadqiqotlarga ortiqcha mablag’ sarflamoqchi emas. Kosmonavt Kernan fikricha, bu izlanishlar AQSh byudjetidan ko’p talab qilmaydi.

“Byudjetimiz uchun bu sariq chaqa ham emas. Amerikaliklar to’lagan soliqning bir tomchisi”,- deydi Kernan.

Xarrison Shmitt – sobiq senator. Uning nazarida NASA ham irodasizlik qilmoqda.

“Moliyaviy jihatdan olib qarasak, NASA yutqazayapti. Oldiga aniq maqsadlarni belgilashni uddalay olmayapti. Qo’shma Shtatlar kosmik sohada yetakchi pozistiyasini qo’ldan boy berayapti”,- deydi Shmitt.

“Yarim asr oldin Sovet Ittifoqi bilan fazoviy tadqiqotlar bobida bellashib, qo’limiz baland kelgan edi. Bugun esa qilt etmay, boshqalarga qarab turishni afzal topayapmiz. Kosmosni kezishni eplolmay qoldik”,- deydi Kernan.

AQShga qarashli fazoviy kemalar eskirib, muzeyga topshirildi. Endi olimlar odamlarni ko’kka eltuvchi “Space X” nomli kema ustida mehnat qilish bilan band. Inson boshqaradigan vosita bir necha yildan keyin tayyor bo’ladi.

Lekin “Apollon” missiyasi faxriylari uchun buning o’zi yetarli emas.

NASA Oyga parvozni ustuvor vazifa qilib belgilashi kerak, deydi ular.

Oldinda esa qizil sayyora, Mars kutmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG