Breaking News

Chapel Xildagi qotilliklar ortidan AQSh musulmonlari xavotirda


AQSh musulmonlari xavotirda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:17 0:00

23 yoshli Dia Barakat, uning rafiqasi, 21 yoshli Yusor Abu Salha va singlisi, 19 yoshli Razan Abu Salhaning o'limida 46 yoshli qo'shnisi Kreyg Stiven Hiks ayblanmoqda. Federal qidiruv byurosi tergov boshlagan.

Amerika musulmonlari Fransiya va Yaqin Sharqda yuz bergan terror xurujlari ketidan Qo'shma Shtatlarda islomga qarshi kayfiyat kuchayayotganidan xavotirda.

Ular nazarida yaqinda Shimoliy Karolina shtatining Chapel Xil shahrida uch yosh musulmonning o'ldirilishi diniy nafrat va adovat mahsulidir.

Yosh va baxtli, hayotlaridagi jiddiy maqsadlar yo'lida allaqachon ma'lum muvaffaqiyatlarga erishgan talabaning otib ketilishi osuda bir shaharchani larzaga soldi.

Ammo fojea mamlakat bo'ylab aks-sado bermadi. Chunki qurbonlar musulmon edi, deydi inson huquqlari faoli Ibrohim Huper.

"Shak-shubha yo'qki, agar qotil musulmon bo'lganda, hodisa allaqachon xalqaro miqyosda bosh mavzuga aylangan bo'lardi", - deydi u.

Politsiya ma'lumotiga ko'ra, jinoyatni sodir etganlik shubhasi bilan qo'lga olingan Kreg Stefan Hiks qurbonlar bilan avtomobil qo'yish uchun joy talashib janjallashgan.

Ammo u "Facebook" tarmog'ida islom va nasroniylikka qarshi gaplar yozgan. Tergovchilar qotillik ortida turgan asl sabablarni hanuz o'rganmoqda.

Dekabrda, Kanzas shahridagi somaliliklar markazi yonida ham bir o'smir o'ldirib ketilgan edi.

Terrorizm bo'yicha ekspert Deyvid Shanzerning aytishicha, Amerika musulmonlari hozir ruhiy jarohatni boshdan kechirmoqda.

"Jiddiy zarar yetkazadigan yoki tez psixologik zarba beradigan jarohat emas bu. Balki bizning Amerika jamiyatidagi o'rnimiz qayerda, degan savolni yuzaga chiqarayotgan holat", - deydi kuzatuvchi.

Yevropada va dunyoning boshqa qismlarida musulmonlar bilan bog'lanayotgan ko'plab zo'ravonliklar bois Amerika musulmonlari o'z yurtlarida xavfsiz yashay olmasligidan xavotirda va bu hissiyot so'nggi voqea ketidan yanada oshgan.

Shimoliy Karolina universitetining musulmon talabalari o'ldirilganidan uch kun o'tib, AQSh rahbari Barak Obama bu borada bayonot berdi. Hech kim shaxsiyati, ko'rinishi yoki e'tiqodi sabab nishonga olinmasligi kerak, dedi u. Voqeani prezident vahshiylik va qabihlik deb atadi.

Dunyo bo'ylab musulmonlar erkin diyorda yuz bergan bu jinoyatdan dahshatda ekanini aytib, Amerika jamiyatini adolatsiz muhit deya baholamoqda.

Musulmon biror jinoyat qilsa, terrorist deya tamg'a qo'yiladi, biroq oq tanli amerikalik uch musulmonni yoppasiga o'ldirsa, uni hatto nafratga asoslangan jinoyat deyishga tili bormayapti Amerikaning, deydi ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuni keng muhokama qilayotgan odamlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG