Myanmada hukumatni hokimiyatdan chetlatib, bir yil favqulodda holat e’lon qilgan harbiylarga qarshi aholi namoyishi davom etarkan, AQSh Davlat departamenti bir paytlar Birma deb nomlangan mamlakatda harbiy xuntani hokimiyatni topshirib, tinch namoyishchilar huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi.
"Namoyishchilarga qarshi zulmni qattiq qoralaymiz. Birmadagi har bir shaxs tinch namoyish qilish uchun o’z fikrini bildirish va uyushish huquqiga ega”, - deydi departament matbuot kotibi Ned Prays.
Ayrim tahlilchilar Myanma xalqining erkinlik va demokratiyaga intilishini olqishlamoqda.
“Myanma xalqining harbiy to’ntarishga qarshiligi va demokratiyani tiklashga bo’lgan xohishi va g’ayratidan ajablanganim yo’q”, - deydi Vashingtondagi “Tashqi aloqalar kengashi” tahlil markazidan Joshua Kurlyansik.
Yana bir vashingtonlik siyosatshunos, Strategik va xalqaro izlanishlar markazi xodimi Greg Polingning aytishicha, AQSh hukumati Myanmaga bundan ortiq bosim qo’ya olmaydi, chunki xunta rahbari general Min Aun Xlayn Amerika qora ro’yxatiga ancha oldin kiritilgan.
“Xlayn va yana bir necha general roxinjaliklarga qarshi etnik tozalash kampaniyasi uchun 2019-yilda “Global Magnitski qonuni” asosida qora ro’yxatga kiritilgan edi. Amerikada ko’chmas mulkka egalik qilish, Amerikaga borish yoki amerikaliklar bilan biznes qilishdan mahrum odamni ayni jazo bilan yana qanday jazolash mumkin”, - deydi Poling.
Bunday sharoitda, deydi ba’zilar, Qo’shma Shtatlar boshqa mamlakatlar bilan bu masalada yaqindan hamkorlik qilishi kerak.
“AQSh Yevropa, Kanada, Yaponiya bilan, balki Janubi-sharqiy Osiyodagi Singapur va Indoneziya bilan, hatto Hindiston bilan maslahatlashib ish tutishi kerak. Yolg’iz o’zining Myanmadagi siyosatga tishi o’tmaydi”, - deydi Joshua Kurlyansik.
AQSh Davlat departamenti vakili Ned Prays Qo’shma Shtatlar ittifoqchi davlatlar bilan Myanma siyosati xususida gaplashib kelayotganini tasdiqladi.
Facebook Forum