Breaking News

“Made in New York” – Nyu-York moda sanoatiga e’tiborni oshirgan dastur


Nyu-York moda sanoati. Mahalliy ishlab chiqarish.
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00

Nyu-York moda sanoati. Mahalliy ishlab chiqarish.

Nyu-York moda dunyosida alohida o’ringa ega. Ko’plab mashhur dizaynerlar aynan shu yerda ijod qiladi. Libos g’oyasi shu yerda paydo bo’lsa-da, bichish va tikish boshqa, ish kuchi arzonroq mamlakatlarda amalga oshiriladi. Nyu-York rahbariyati bu vaziyatni o’zgartirishga qaror qildi. Shaharda ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun katta mablag’ ajratilmoqda.

Nyu-York shahrida ish kuchining besh foizi moda sanoatiga to’g’ri keladi. Yiliga 18 milliard dollar daromad qiladi bu soha.

Iqtisodiy qiyinchiliklar davrida ham Nyu-Yorkning tarixiy “Garment District”, ya’ni kiyim-kechak mahallasida biznes davom etdi. Mer Bill de Blazio moda sanoati shaharning ajralmas qismi, deydi.

“Bu nafaqat iqtisodiy soha, balki shahrimizning eng taniqli, eng mashhur jabhalaridan biri. Nyu-York haqida gapirganimizda uni modasiz tasavvur qilolmaymiz. Kelajakda ham shunday bo’lib qolishini istaymiz. Moda sohasi rivojlansin, kuchaysin,” - dedi mer.

Joriy yilda shahar hokimiyati yosh dizaynerlar va ishlab chiqaruvchilar uchun 15 million dollar yordam puli ajratadi. “Made in New York” deb atalgan loyihadan maqsad - mahalliy modani qo’llav-quvvatlash.

Yordam puli olishga loyiq deb topilgan kompaniyalardan biri – “Leota”. Yiliga 1000 ta mahsulot sotish majburiyatini o’ziga oldi. Kiyim-kechak shaharda bichilishi va tikilishi shart. Kompaniya asoschisi Sara Karson “Made in New York” dasturidan juda mamnun.

“Kichik biznes sifatida mablag’ olish faoliyatimizni kengaytirishda katta rol o’ynaydi. Demak, Nyu-Yorkning o’zida yangi ish joylari yaratiladi. Kiyim-kechak ishlab chiqaradigan sanoatda o’sish kuzatiladi. Moda sanoati rivojlanadi”.

“Leota” kompaniyasi to’rt yil oldin ochilgan. Mahsulotni shaharda ishlab chiqarish qiyin: ijara narxi - osmon baravar, ishchilarning aksariyati – keksalar, texnologiya esa eski.

“To’qish uchun zarur bo’lgan jihozlarimiz yo’q, matoni lazer bilan kesadigan jihozimiz ham yo’q. Hozirgi moda bularsiz bo’lmaydi. Biz esa ularni shaharda ishlab chiqarolmaymiz,” - deydi Karson.

“Made in New York” dasturi doirasida yangi texnologiya sotib olish va yosh mutaxassislarni o’qitish uchun mablag’ ajratiladi. Shu kungacha fabrikalar to’rt million dollardan ziyod moliya oldi.

Kenni Xuon “Leota” kiyim-kechaklari ishlab chiqariladigan fabrika egasi. Oilaviy biznesni rafiqasi Karmen bilan birga boshqaradi. Ish kamligidan tikuvchilar yil bo’yi yollanmaydi, deydi u.

Bu muammoni hal etish uchun shahar hokimiyati ishtirokida mahalliy dizaynerlarni mahalliy fabrikalar bilan bog’laydigan elektron platforma yaratildi. Bundan buyon fabrikalarga ko’proq buyurtma tushadi, degan umid bor. Buning ustiga, agar Xaong texnologiyasini yangilasa, yordam tariqasida shahar hokimiyatidan qo’shimcha naqd pul oladi.

“Mana bu ko’ylak dizaynidan tortib, bichilishi va tikilishigacha - ishning 100 foizi Nyu-Yorkda bajarilgan. Bu esa iqtisodga foyda. Nyu-York kelajakda ham moda poytaxti bo’lib qolaveradi”.

Nyu-York ahli kelajakda “Made in New York” yozuvi bor mahsulotni tez-tez ko’rish va sotib olish ilinjida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG