“Sony Pictures” kinokompaniyasiga qilingan xakerlik hujumi ketidan AQSh va Shimoliy Koreya munosabatlari yanada keskinlashdi. Hujum ortida Pxenyan turgani taxmin qilinadi. Vashington bu davlatga qarshi bosimni oshirmoqda.
Shimoliy Koreya yadroviy sinovlar o’tkazib kelayotgani uchun shundoq ham sanksiyalar ostida.
Kommunistik tuzum bu sinovlarni to’xtatish evaziga AQSh va Janubiy Koreyadan qo’shma harbiy mashqlarni bekor qilishni talab qilmoqda. Vashington buni yashirin do’q-po’pisa deya qabul qilmadi.
Shimoliy Koreyaning BMTdagi diplomati An Myong Hun nazarida bu javobdan AQShning dushmanona yondashuvi ko’rinib turibdi.
“Bizning taklifni rad etib, AQSh Janubiy Koreyada harbiy salohiyatini oshirishda davom etishini ko’rsatmoqda. Tag’in bizga mudofaa tizimlaringizni kuchaytirmang deb talab qo’yadi”, - deydi diplomat.
1953-yilda Koreya urushi shunchaki otishmani to’xtatish bilan tugagani bois shimol va janub hanuz urush holatida hisoblanadi. Janubiy Koreyada qariyb 30 ming amerikalik askar joylashtirilgan va qo’shma harbiy mashqlar o’tkazib turiladi.
Vashington va Pxenyan o’rtasida ziddiyatlar kuchaygani “Sony” kompaniyasining kompyuter tizimlariga qilingan xuruj bilan bog’liq. Dekabrda ekranga chiqqan “Intervyu” filmida Shimoliy Koreya rahbari masxara qilinadi. Pxenyan kartinani tanqid qildi, lekin kiber-xurujga aloqasi yo’qligini ta’kidlaydi.
AQSh Moliya vaziri muovini Daniel Gleyzer Shimoliy Koreyaga qo’yilgan yangi sanksiyalar haqida Kongressga hisobot berdi. Kiber-terrorizmga aloqador muayyan agentliklar va rasmiylarni nishonga olayapmiz, deydi u.
“O’z navbatida, bu agentliklarni quvvatlab turgan yoki boshqarayotgan boshqa tashkilotlar va shaxslarga ham sanksiya qo’yish rejamiz bor”, - deydi u.
Davlat kotibi muovini Sang Kim so’zlariga ko’ra, AQSh Shimoliy Koreyaning mintaqadagi muhim ittifoqchisi Xitoy bilan yaqindan ishlamoqda. Pxenyanning atom dasturi Pekinni ham tashvishga soladi, deydi rasmiy.
“Shimoliy Koreyani xavfli rejalaridan qaytarish uchun Xitoy biz bilan hamkorlik qilayapti”, - deydi rasmiy.
Janubiy Koreya hukumati qo’shni davlat rahbariyati bilan hech qanday shartlarsiz uchrashishga tayyor, ammo AQSh yondashuvi o’zgarishsiz qolmoqda. Hozir yangi muzokaralar boshlash mavridi emas, Shimoliy Koreya avvalgi xalqaro kelishuvlarga amal qilishini ko’rsatsin, deydi rasmiylar.