Shimoliy Koreya AQSh bilan yadro mavzusida to’xtab qolgan muzokaralarni davom ettirishni taklif qildi. Shuningdek, xabarlarga ko’ra, Pxenyan 10-sentabr kuni yana bir raketa sinovini o’tkazgan. Mutaxassislarga ko’ra, sinovlar bosim kampaniyasining bir turidir.
Agar raketalar uchirilgani haqidagi ma’lumot tasdiqlansa, bu may oyidan beri 10-sinov bo’ladi. Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi 330 kilometrga uchirilgan ikkita qisqa masofali raketa sinovi haqida ma’lumot bergan.
Bundan bir necha soat oldin esa Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Cho Son Xuyning aytishicha, AQSh bilan muzokaralar oy oxirida jonlanishi mumkin.
Biroq AQSh Prezidenti Donald Tramp bu bayonotni tasdiqlashga shoshmadi.
“Bu ma’lumotni hozirgina xabarlardan o’qidik. Qiziq, ko’ramiz nima bo’larkan”, - dedi Tramp.
AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari fevral oyida ikkinchi marta ko’rishib, kelishuvga erisha olmagach, muzokaralar to’xtab qoldi. AQSh tomoni ishchi guruh muloqotlarini davom ettirishni taklif qildi, biroq Shimoliy Koreya rasmiylari uchrashuvga bormagan.
Seullik siyosiy tahlilchi Jun Pakning aytishicha, navbatdagi uchrashuvdan qanday natija bo’lishi hozircha mavhum, chunki Pxenyan o’zgacha yondashuv qo’llamoqchi, AQSh esa buni qabul qilmasligi mumkin.
Tramp Shimoliy Koreyaning qisqa masofali sinovlariga e’tirozi yo’qligini aytarkan, Kim Chen Un uzoq masofali raketalarni sinamaslik haqidagi va’dasiga sodiq ekanini aytdi.
Facebook Forum