AQSh Kongressida shu kunlarda eng bahsli mavzulardan biri bu - Eron atom dasturiga doir kelishuv. Aniqrog’i, Qo’shma Shtatlarning bu xalqaro kelishuvdan chiqish ehtimoli. Prezident Donald Trampga ko’ra, Tehron bu hujjatga amal qilmayapti, respublikaga qo’shimcha shart-talablar qo’yish lozim. Kongress kelasi ikki oyda bir qarorga kelishi kerak.
Tramp prezidentlik poygasida kirgan paytlardan beri Tehron bilan erishilgan kelishuvni qoralab keladi.
“Qo’shma Shtatlar bunday bir tomonlama hujjatga aslo qo’l qo’ymasligi kerak edi”, - deydi u.
Kelishuv Eronning yadroviy faoliyatini chekladi. Biroq bir qancha boshqa mavzular chetda qoldi. Masalan, ballistik raketa dasturi, Tehronning xalqaro terrorizmga homiyligi.
“Bundan buyon bu tuzumning barcha kirdikorlarini fosh etish va jazolash yo’lidan boramiz. Xalqaro hamjamiyat ham bizga qo’shilsin”, - deydi Nikki Heyli, AQShning BMTdagi elchisi.
Ayrim qonunchilar bu fikrga qo’shiladi.
“Tramp bitimni o’zgartirish yoki bekor qilishga haqli”, - deydi senator Linzi Grem.
Yaqin ittifoqchilar ehtiyotkorlikka undamoqda.
“Kelishuvni bekor qilish Erondagi radikal guruhlarni ruhlantirish, urush tomon qadam tashlash demakdir”, - deydi Fransiya qurolli kuchlar vaziri Florens Parli.
AQShning demokrat qonunchilari ham shuni aytmoqda.
“Diplomatiyani zaiflashtirsak, urush xavfini oshirgan bo’lamiz. Kelishuvga amal qilmasak, Eron ham amal qilmaydi. Ehtimol sentrifugalarini, uran zaxiralarini oshirishni talab qilar”, - deydi senator Tim Keyn.
Tehron hozircha kelishuv shartlariga rioya qilishda davom etmoqda. Bu yetarli emas, deydi respublikachilar. "Bitimda yozilganki, Eron 15 yildan keyin yana uran boyitishga haqli", - deydi senator Grem.
AQSh prezidentida Eronni yadroviy programmaga daxldor bo’lmagan xatti-harakatlari uchun jazolash vakolati bor.
“Buzg’unchilik, boshqa davlatlar ishiga aralashish, inson huquqlarini toptash, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga rioya qilmaslik bo’ladimi, Tramp bunday xatti-harakatlar uchun Eronga sanksiya qo’ysin. Kelishuvni bekor qilmaslik kerak”, - deydi senator Keyn.
Kelishuv Barak Obama prezidentligi davrida imzolangan bo’lib, Tramp ma’muriyati unga amal qilishi majburiy emas. Aksar respublikachilarga ko’ra, Tramp Tehronga qo’shimcha shartlar qo’yayotgani to’g’ri qadam. Demokratlar fikricha esa prezident xavfli xatoga qo’l urayapti.
Xorijiy jangchilar
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson kecha Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, regionda Eron ta’sirini kamaytirish haqida gaplashdi. Uning so’zlariga ko’ra, “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurash poyoniga yetmoqda va Eron quvvatlayotgan jangchilar Iroqni tark etishi kerak.
“Iroqda eronlik harbiylar borligini bilamiz. Xorijiy jangchilar bu mamlakatni tark etsin. “Islomiy davlat”dan ozod etilgan hududlar Iroq xalqi nazoratiga o’tadi. Ular qo’shnilar yordamida o’z yurtini tiklaydi”, - deydi Tillerson.
Saudiya Arabistoni va AQSh barcha davlatlardan Eron Inqilobiy gvardiyasi bilan hamkorlik qilmaslikni so’ramoqda. Tillersonga ko'ra, Eronnning Iroq, Suriya, Yaman va boshqa mojarolarga aralashuvi mintaqada beqarorlik urug’ini sochmoqda.
Facebook Forum