G’arbiy Afrikada avj olgan kasallikka qarshi kurashga AQSh yetakchilik qiladi, deydi prezident Barak Obama.
“Epidemiyaga yuz tutgan dunyo bizga qarab turibdi, va biz bu mas’uliyatni o’z zimmamizga oldik - yetakchilik qilishga tayyormiz. Faqat Amerikada bo’lgan imkoniyatlardan foydalanib, faqat Amerika qila oladigan ishlarni bajaramiz”, - deydi Obama.
Shu kungacha xavfli virusga Gvineya, Syerra-Leone, Liberiya, Nigerya va Senegalda 5000 dan ziyod odam chalindi. 2600 dan ortiq odam nobud bo’ldi.
Eng jiddiy aziyat chekayotganlar – liberiyaliklar. Qurbonlarning yarmidan ko’pi aynan shu mamlakatdan.
AQSh Liberiya poytaxti Monroviyada ta’sis etilgan yangi markazga 3000 harbiy yubordi.
Harbiylar mamlakat bo’ylab har biri 100 bemorga mo’ljallangan 17 ta kasalxona quradi. U yerda bemorlar boshqalardan ajratib qo’yiladi va davolanadi. AQSh, shuningdek, mahalliy tibbiy xodimlar uchun treninglar o’tkazadi va har hafta 500 dan odamni o’qitadi.
“Bu mamlakatlardagi shundoq ham zaif bo’lgan sog’liqni saqlash tizimi batamom qulash arafasida. Bemorlarni kasalxonalar qabul qilmayapti. Ko’chalarda o’layotganlar bor. Achchiq haqiqat shuki, G’arbiy Afrikada ebola epidemiyasi hali tarixda hech bo’lmagan ko’lamda tarqaldi. Nazorat qilib bo’lmay qoldi. Vaziyat kundan kunga og’irlashmoqda. Virus juda tez tarqalmoqda”, - deydi Obama.
Agar epidemiya to’xtatilmasa, kasallar soni yuzlab mingga yetishi mumkin, deydi AQSh rahbari.
“Bu esa barchamiz uchun jiddiy siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik borasida muammolar yaratadi. Agar bu mamlakatlar va u yerdagi iqtisod ishdan chiqsa, odamlar qo’rqib, vahimaga tushsa, bu epidemiya nafaqat mintaqaviy xavfsizlik uchun, balki global xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi. Bu holda biz bevosita virusni yuqtirmasak ham jiddiy oqibatlarga yuz tutamiz”, - dedi Barak Obama.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) afrikaliklarga virusdan saqlanishni o’rgatadi va maxsus komplektlar tarqatadi. Avvalida Liberiyadagi 400 000 xonadon, so’ngra mintaqaning boshqa mamlakatlari bu turdagi yordamni oladi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti 500-600 xorijiy shifokor hamda 10 000 mahalliy mutaxassisga muhtoj ekanini bildirdi.
Kuba va Xitoy Syerra-Leonega shifokor va hamshiralar yuborish rejasida. Oktabr oyida 165 kubalik mutaxassis Afrikaga yetib boradi. Xitoy esa 59 odam ishlaydigan g’ildirakdagi laboratoriyalar ochish niyatida. Shu paytgacha Pekin ebolaga qarshi kurash uchun Afrikaga 115 shifokor jo’natgan.
O’tgan hafta Liberiya prezidenti Obamaga murojaat qilib, “hukumatingizning bevosita yordamisiz biz ebolaga qarshi kurashni yutqazamiz”, - degan edi.
Ayrim mamlakatlarda tirikchilik to’xtab qolgan, odamlar ko’chaga chiqmay qo’ygan. Hukumat bu xavfli kasallik manbalarini izlamoqda. Hayvonlardan odamga o’tadigan virusning davosi yo’q.
Odamlarga eboladan saqlanish yo’llari haqida ma’lumot berilmoqda. Alomatlari sezilsa, darhol kasalxonaga borish tavsiya qilinmoqda. Ularga issiq chiqish, qusish, ich ketish, quloq va hatto ko’zning qonashi kiradi.