AQSh rasmiylariga ko’ra, Rossiya davlat matbuoti G’arbda koronavirusga qarshi ishlangan vaksina xaqida soxta xabarlar tarqatib, unga ishonchni pasaytirishga, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini yaxshi qilib ko’rsatishga harakat qilyapti.
Rossiyadagi 4 telekanalga ko’ra, “Pfayzer” va “Moderna” vaksinalari samarasiz, yon ta’siri jiddiy bo’lib, ularni ishlab chiqargan kompaniyalar sertifikatlash jarayonini aylanib o’tishga muvaffaq bo’lgan. AQSh Davlat departamenti bunday da’volarni rad etdi.
“Rossiya eski hiylasiga o’tib olgan ko’rinadi. Insonlar hayotini har kuni saqlab qolayotgan vaksinalar haqida soxta xabar tarqatish orqali ularning hayotini xavf ostiga qo’ymoqda”, - deydi departament matbuot kotibi Edvard Prays.
Oq uy ham bunga munosabat bildirdi.
“Har gal bu haqda gap ketganida vaksinalarning xavfsiz ekaniga urg’u beramiz. Ular Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan”, - dedi prezident matbuot kotibasi Jen Psaki.
“News Front” deb nomlanuvchi rus saytlaridan biri hatto koronavirus AQShda yaratilgan deya xabar bergan. “Demokratiyani saqlash alyansi” tashkilotiga ko’ra, Rossiya davlat matbuotidan chiqayotgan har 50 tvitning 48 tasi “Pfayzer” vaksinasining salbiy ta’siri haqida bo’lgan.
Germaniyaning “Marshall jamg’armasi” eksperti Bret Sheferning aytishicha, Rossiya bu bilan o’z vaksinasi bozorini chaqqonlashtirmoqchi.
“Bu mamlakatlar dunyo bo’ylab o’z vaksinasini tarqatishga urinmoqda. Bu masalada geosiyosiy va ko’plab boshqa omillarni hisobdan chiqarmaslik kerak”, - deydi u.
AQSh Rossiyani 2016-yil prezident saylovlariga aralashganlikda ayblarkan, kuzatuvchilar nazarida, soxta xabar tarqatish kampaniyasi ta’siri va natijasini aniqlash oson emas. Biroq bunday harakatlar odamlarda shubha uyg’otishi aniq.
“Aksil-liberal bo’lishni istagan odamlar hafsalasi pir bo’ishiga yana bir sabab bu. Qaysi vaksina bilan emlanish kerakligi haqida xavotir ham uyg’otadi. G’arbda hozircha 3 ta vaksina ishlangan. Demak, odamlarning boshi qotmoqda, emlanishdan qo’rqayotganlar bor”, - deydi Pitsburgdagi Karnegi Mellon universitetidan Ketlin Karli.
Rossiyaning uch vaksinasidan biri “Sputnik V” bo’lib, kamida 50 mamlakatda tasdiqdan o’tgan, Yevropa Ittifoqi litzensiya bermagan hali.
Facebook Forum