Pokiston sobiq prezidenti Parvez Musharrafning aytishicha, so’nggi paytlarda mamlakatining AQSh bilan aloqalari keskin yomonlashgan. Buning sabablari nimada? “Amerika Ovozi” mavzuni tahlil qiladi.
Pokistonning 10-prezidenti Parvez Musharraf islomiy respublikani 2001-2008-yillarda boshqargan.
“AQSh-Pokiston aloqalarining past-balandi ko’p bo’ldi. AQSh har safar bizdan yuz o’girib, so’ng qaytib kelib “siz bilan do’st bo’lishni xohlaymiz” deyishini aslo tushunmaymiz”, - deydi sobiq general.
Ikki mamlakat munosabatlaridagi taranglik uzoq tarixga ega. Donald Tramp prezidentlikka saylangach, Pokistonga harbiy yordam to’xtatildi, yanvar oyida Tramp bu mamlakatni yolg’onlarda aybladi.
“Pokistonni qarama-qarshi kuchlarni qo’llab-quvvatlashda ko’p ayblashadi. Ammo bu asossiz ayblovlar. Pokistonning o’ziga yarasha e’tirozlari bo’lgan, AQShning ham Pokistonga nisbatan e’tirozlari bo’lgan. Shu sabab ikki tomon o‘tirib gaplashsa, ko’plab muammolarni hal qilsa bo’ladi, aloqalari yaxshilanadi”, - deydi Musharraf.
AQSh Pokistondan Afg’onistondagi askarlariga yuk tashishda muhim tranzit nuqtasi sifatida foydalangan va shu bilan birga, Islomobodni Tolibon rahbarlariga boshpana berganlikda ayblab kelgan.
“AQSh Pokistonga milliardlab dollarlik harbiy yordam ko’rsatgan. Ammo Prezident Tramp aytganidek, Qo’shma Shtatlar buning evaziga ko’p narsa olmadi. Afg’oniston Tramp ma’muriyati tashqi siyosatidagi muhim masalalardan bo’lib, u yerda vaziyat hamon notinch. Pokiston esa jangarilar faoliyatini cheklash uchun hamon yetarlicha harakat qilmayapti”, - deydi “Atlantika” jurnali katta muharriri Krishnadev Kalamur.
Tramp ma’muriyati Pokistonning tarixiy raqibi Hindiston bilan aloqalarni yaxshilashga kirishgani Islomobod bilan munosabatlarning yanada sovuqlashishiga sabab bo’ldi.
“Hindiston Pokiston uchun ashaddiy raqib. Bir kun kelib, son-sanoqsiz hindlar ularni bosib olishidan xavotirda. Pokistondagi voqealarning Hindistonda qanday aks-sado berishiga jiddiy e’tibor qaratiladi”, - deydi AQShning Pokistondagi sobiq elchisi Rayan Kroker.
Pokiston o’z navbatida Hindistonning boshqa bir raqibi Xitoy bilan do’stlashib, o’z infratuzilmasini rivojlantirish uchun bu mamlakatdan milliardlab dollar sarmoya olmoqda.
Ba’zi kuzatuvchilar Xitoyning Islomobodga ta’sirini ijobiy baholamoqda.
“Pekin 60 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Bu Pokistonning oqsayotgan iqtisodiyotiga katta yordamdir. Bu AQShga ham yaxshi. Barqaror, farovon Pokiston ekstremist guruhlarga qarshi kurashda dadil qadam qo’ya oladi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Marvin Veynbaum.
Vashington Pokiston elchixonasi xodimlarining mamlakat bo’ylab harakatlanishini cheklashi ketidan oy boshida Pokiston ham amerikalik diplomatlarga nisbatan o’xshash cheklov joriy etdi. Bu esa bir-biriga ehtiyojlari tufayli bog’langan ikki mamlakat aloqalariga yana bir zarba bo’ldi.
Facebook Forum