Breaking News

"AQShdagi siyosiy qutblashishda saylovchilarning o'zi aybdor"


Amerikada saylovchilar
Amerikada saylovchilar
AQShdagi mutaxassislar umumiy xulosasiga ko’ra, bu yilgi prezident saylovlari murosasiz kechadi. Bunga har ikki asosiy da’vogarning siyosiy nufuzi va amerikaliklarning qutblashgani sababdir.

Siyosiy qutblashish ko’p yillardan buyon davom etayotgan jarayon. Kongressdagi munozaralar, ayniqsa, so’nggi paytda mavzuga qarab emas, balki qaysi partiya bu mavzuni olg’a surayotganiga qarab kechmoqda. Byudjet, hukumat hajmi, abort, ayni jins vakillari o’rtasidagi nikoh kabi masalalarga kelganda tomonlarning murosa qilgisi yo’q.

Ommaviy so’rovlar bilan shug’ullanuvchi ekspert Piter Braunning aytishicha,
Amerika aholisi turlicha qarashlar va qadriyatlar bilan yashayotgan ko’plab odamlardan iborat.

"Biroq so’rovlardan shunisi ma’lumki, demokratlarning elektorati, asosan, shaharlarda, respublikachilarniki esa qishloqlarda yashaydi", - deydi mutaxassis.

Siyosiy qutblashishni turli shaklda ko’rish mumkin. Masalan, oilali dindor oq tanlilar Respublikachilar partiyasini qo’llab-quvvatlab kelgan. Oila qurmagan, dinga yengil qaraydigan boshqa irq vakillari esa demokratlardan nomzodlarga ovoz berib kelgan.

So’nggi yillarda ayollar ham siyosatda alohida guruh bo’lib ajralib chiqmoqda. Xususan, aksariyati demokratlarni qo’llab-quvvatlaydi

"Prezident Obama so’qqabosh saylovchilar orasida 20 foiz ustunlikka ega, Romniga esa 13 foizga ko’p oilali saylovchilar ovoz bergan bo’lardi. Bu judayam katta farq", - deydi Piter Braun.

Amerikaliklarning markaziy hukumat roliga doir qarashlari deyarli ikkiga bo’lingan. So’ralganlardan 49 foizi hukumat odamlarga yordam berishi kerak desa, 47 foizi faoliyatini cheklash zarur, degan fikrda.

Biroq xalqning aksariyati har ikki partiya arboblarini mamlakat ravnaqi uchun mafkuraviy qarashlarni chetga surib, murosa qilishga chaqirmoqda. Oddiy fuqaro nazarida Kongress partiyaviy tortishuvlar natijasida samarasini yo’qotgan, qonunchilar vazifasini eplay olmayapti.

Tahlilchi Norm Ornstaynning aytishicha, kongressmen va senatorlar partiyaviy tafovutlar xususidagi bashlarga haddan ziyod vaqt sarflab, murosaga intilmayapti.

"Muammoni hal etishga harakat bo’lmasa, Kongressning obro’si to’kiladi. Agar qonunchilar muammoga yechim topish maqsadida o’z qarashlaridan qaytmayotgan bo’lsa, buni tushunsa bo’ladi, ammo hozirgi vaziyatda ular hech bir ishni qoyillatgani yo’q, faqat tarafkashlik bilan shug’ullanyapti", - deydi mutaxassis.

Ekspertlar nazarida siyosiy qutblashishda nomzodlarga siyosiy qarashlariga qarab ovoz berayotgan saylovchilarning o’zi ham aybdor.

Tahlilchi Jon Fortyening aytishicha, saylovchilar ikki partiyaning biridan nomzodlarga ovoz berishni odat qilib olgan.

"Yana bir odat shuki, saylovchi bir partiyadan nomzodni prezidentlikka saylasa, boshqa partiya vakilining Kongressga nomzodini qo’llab-quvvatlaydi", - deydi Fortye.

Biroq saylovchilarning Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan ko’ngli qolayotgani bilan yangi partiya yoki nomzodi prezident saylovlarida to’rt yilda bir qatnashayotgan boshqa maydaroq partiyalarga qiziqishning kuchaygani kuzatilmaydi.

Jill Stayn Yashillar partiyasidan 2012-yilgi prezident saylovlarida nomzod
Jill Stayn Yashillar partiyasidan 2012-yilgi prezident saylovlarida nomzod
Atrof-muhit muhofazasiga urg’u beruvchi Yashillar partiyasidan prezidentlikka bu yilgi nomzod Jill Staynning aytishicha, mayda partiyalarning saylovchi diqqatini jalb etishi oson emas.

"Afsuski, Amerika ikki partiyaviy qolipga tushib qoldi. Ularning puli ko’p, yirik kompaniyalar faqat ular tomonida, bu partiyalar vaziyatning o’zgarishidan manfaatdor emas. Bu esa na o’zgarish va na Amerika xalqi uchun yaxshi", - deydi Stayn.

Amerikada ikki partiyaviy tizim kuchli ildiz otgani bilan uchinchi partiyadan prezidentlikka nomzod ba’zida saylov natijasiga jiddiy ta’sir ko’rsatish salohiyatiga ega. 1912- va 1992-yillarda shunday bo’lgan.

Bir guruh faollar bu yili ana shunday partiya yaratmoqchi bo’ldi, biroq yagona nomzodga kelisha olmay, rejalari chipakka chiqdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG