Breaking News

Amerikada saylovlar va siyosat: Choychilar kimlar va maqsadi nima?


Qo’shma Shtatlar ahli har ikki yilda Kongressga a’zolar saylaydi. Senatorlar olti yilga, vakillar esa ikki yilga.

Tabiiyki, ko’pchilik siyosatchilarning o’rinni boy bergisi yo’q. Ammo bu yili 2 noyabrda o’tadigan saylovda Vashingtondagi manzara ancha o’zgarishi mumkin.

“Tea Party”, ya’ni “Choychilar harakati” nomli konservativ guruh Amerika bo’ylab keng qanot yozmoqda. Bu oqimning asosiy g’oyasi hukumat rolini kamaytirish va soliqlarni pasaytirish.

Choychilar prezident Barak Obama va uning Demokratik partiyasini ashaddiy dushman deb biladi. Respublikachilar partiyasi bilan biroz chiqishsada, ularning hammasiga ham hamkor sifatida qaramaydi. Lekin choychilar hozir respublikachilarning tarafdorlarini o’ziga og’dira boshlagan.

Choychilar hozircha rasmiy partiya emas, ammo safi kun sayin kengayib bormoqda. Bu harakat, o’ta konservativ oqim, o’tgan yili Obama siyosatiga qarshi namoyishlar avj olgan paytda vujudga keldi.

Harakat o’z nomini Amerika tarixidagi murakkab bir davrdan olgan. 1773 yilda, hali bu davlat vujudga kelmagan, ingliz mustamlakasi sifatida yashayotgan zamonlarda, choy importi bilan shug’ullanadigan biznes doiralar Bostonda qirollikka qarshi bosh ko’taradi.

Ular Britaniyani moliyaviy va siyosiy adolatsizlikda ayblab chiqadi. Savdogarlarni ezish, aholini ezish bilan barobar degan bayonotlar ostida namoyishlar shu qadar keng tus oladiki, ularning shior va lozunglari keyinchalik boshqa harakatlarga ham o’rnak bo’lgan.

Bugun Obama olg’a surgan va surayotgan islohotlar, choychilar nazarida, AQShni badnom qiladi. Bu oqimga qo’shilganlarning ko’pi g’azabga to’lgan fuqarolar. Ular hozirgi rahbariyatni sotsialistik siyosatda ayblaydi. Obama va uning liberal safdoshlari jamiyatning har bir jabhasini egallab, fuqarolarni erkinliklardan ayirib, Amerika negiziga bolta urmoqda, deydi ular.

Tashkilotchilikka usta bu harakatdan ko’p narsa o’rgansa bo’ladi deb chiqayotgan respublikachilar ham kam emas. Choychilar yordamida Kongressdagi o’rnini saqlab qolishga bel bog’lagan qonunchilar bor. Yaqinda ulardan 30 nafari choychilar kengashini joriy etib, bu harakatni yaqindan quvvatlashga qaror qildi.

“Biz, respublikachimiz, ammo choychilar bilan qarashlarimiz juda o’xshash”, - deydi Kongress a’zosi, Mishel Bakman, Minnesota shtatidan saylangan qonunchi.

"Choychilar - oddiy amerikaliklar. Ular davlatdan norozi. Siyosatga boshqa bardosh bera olmay, o’rnidan turib, o’z haq-huquqini talab qilayotganlar. Ular ortiqcha soliq to’lamoqchi emas. Hukumat kamroq sarf-xarajat qilsin deyishayapti. Pulni osmonga sovurmasin deyishayapti. Kongress qonuniy doiradan chiqmay ishlasin, siyosatchilar o’z ishini qilsin deyishayapti”, - deydi Mishel Bakman.

Demokratlar xavotirda. Choychilar harakati respublikachilar saylanishi uchun yordam bersa, Kongressda konservatorlar ko’pchilik o’rinni egallashi, demokratlar siqib chiqarilishi mumkin.

"Ular bu yilgi saylov natijasini hal qiladi”, - deydi Sten Grinberg, Demokratik partiya a’zosi.

Choychilar, bu arbob nazarida, Obama prezidentlikka qayta saylanmasligi uchun ham jon-jahdi bilan harakat qilmoqda. Ular aholining eng quyi qatlamlarini siyosatga qiziqtirish, faollikka chorlash bilan ovora.

"Choychilar mustaqil bir guruh emas. Ularning maqsadi inqilob qilish emas, balki respublikachilarga yordam bergan holda, aholini o’ziga qaratgan holda, katta bir siyosiy kuchga aylanish”, - deydi Grinberg.

Biroq choychilarga respublikachilarning hammasi ham ijobiy qaramaydi.

Sharhlovchilarning tushuntirishicha, ko’pchilik choychilarga juda ekstremist bir to’da sifatida qaraydi. Harakat a’zolari yagona maqsad ostida birlashgan deb ham bo’lmaydi.

Prezident qora tanli ekanini yoqtirmaydigan, uning Amerikada tug’ilganiga shubha bilan qaraydigan, Obamani turli nayranglarda ayblaydigan choychilar juda ko’p.

Qora tanlilar huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot choychilarni irqchilikda ayblaydi. Lekin harakat ichida qora tanlilar ham kam emas. Choychilar irqchi emasligini ko’rsatish uchun safiga afro-amerikaliklarni qabul qila boshlagan.

Daniel Xollars, qora tanli choychilardan biri.

“Mening Amerikaga aytmoqchi bo’lgan gapim shuki, biz, choychilar, qandaydir bir terroristlar emasmiz. Biz irqchilikdan yiroqmiz. Biz o’z vatanini sevadigan, kelajak avlod uchun qayg’urayotgan jafokash fuqarolarmiz xolos”, - deydi u.

Kongress a’zosi Mishel Bakman qatorida choychilarga eng ma’qul arboblardan yana biri bu Sara Peylin bo’lib, bu ayol 2008 yilda respublikachi senator Jon Makkeyn prezidentlikka intilganida, vitse-prezidentlikka nomzod etib ko’rsatilgan edi. Peylin o’sha davrda Alyaska shtati gubernatori bo’lgan.

Choychilar harakati shu yil boshida ilk qurultoyiga yig’ilganida Sara Peylin ma’ruza uchun taklif etilgan va olqishlangan. 2012 yilda prezidentlik saylovida Peylin o’z nomzodligini qo’yishi va choychilar madadini so’rashi mumkin.

XS
SM
MD
LG