Breaking News

Ayollar Amerika siyosatida hamon ozchilik


Julia Piyerson Maxfiy xizmati rahbari etib tayinlandi.
Julia Piyerson Maxfiy xizmati rahbari etib tayinlandi.
Prezident Barak Obama bir necha yuqori lavozimni ayollarga va’da qilgan. Lekin Amerika siyosatida xotin-qizlar hamon ozchilik. Davlatning eng muhim qarorlarini hali ham asosan erkaklar qabul qiladi.

NI US Women Politics
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:44 0:00
Yuklab oling

Har bir prezident o’z ma’muriyatida ayollar sonini oshirishni va’da qiladi. Lekin amalda bu oson emas. Eng yuqori mansablarga ko’rsatilgan shaxslar Kongress tasdig’idan o’tishi kerak, u yerda esa e’tibor jinsda emas, salohiyatda. Nomzod taqdirini uning bilimi, tajribasi va qat’iyati hal qiladi, deydi siyosatdonlar.

Prezident Obamaning kontr-terrorizm bo’yicha maslahatchisi Liza Monako Federal Qidiruv Byurosi direktori etib tayinlanishi mumkin. Shu paytgacha bu agentlikni ayol kishi boshqarmagan.

Karolayn Kennedi, AQShni 1961-63 yillarda boshqargan Jon Kennedining qizi, Yaponiyaga elchilikka yuborilishi kutilmoqda. Tarixda bu davlatda Amerikadan biror ayol elchi bo’lmagan.

Prezident Obama yaqinda Maxfiy xizmat boshlig’i etib Juliya Piyersonni tayinladi. U ham xizmat tarixidagi birinchi ayol rahbar. Prezident va uning oilasi himoyasi aynan shu agentlik zimmasida.

“Juliya Piyerson maxfiy xizmat va uning shon-shuhratini mustahkamlaydi. Misli ko’rilmagan darajada iqtidorli inson”,- deydi Obama uni tanishtirar ekan.

Maxfiy xizmat erkaklar saltanati bo’lib kelgan. O’tgan yili Obamaning Kolumbiyaga safari chog’ida bir necha agent fohishalar bilan qo’lga tushib, Amerika va uning prezidentini sharmanda qilgan edi.

Siyosatshunos Judit Vorner nazarida Maxfiy xizmat bugun ayol kishi qo’lida ekani AQSh uchun tarixiy burilish.

“Maxfiy xizmat deganda baquvvat, barzangi erkak agentlar ko’z oldimizga keladi. Tasavvur qiling, ularning boshida bugun ayol kishi turibdi. Ayol kishi bu agentlikda direktorlikka ko’tarila oldi”,- deydi Judit Vorner.

Tahlilchi Shari Brayan fikricha esa Vashingtonda jinsiy tengsizlik kundalik hol.

Xotin-qizlar uchun alohida lavozimlar ma’qul ko’riladi, erkaklar uchun esa alohida, deydi u. Ayollar asosan ayollarni qiynayotgan masalalar bilan shug’ullansa, eng dolzarb masalalarga mas’ul etib erkaklar tayinlanadi. Siyosiy idoralarda erkaklar ustun, ularga kelajagi bor odam sifatida qarashsa, ayollarni vaqtinchalik kuch deb bilishadi.

“Bir narsa haqida juda kam gapiramiz: ko’pchilik erkaklar siyosatga yetarlicha bilim va tajribasiz, masalan byudjet va moliya haqida uncha bilmasa ham, osonroq kirib keladi va liderlikka ko’tariladi, chunki ular erkak”.

Ko’p narsa ayollarning qanchalik dangal gapirib harakat qilishni va qat’iyatli ekaniga bog’liq, deydi mutaxassis. Ko’p hollarda ularning o’zi yo’lni erkaklarga ochadi. Oilasi va turmushini o’ylaydi. Onalik va farzand tarbiyasi deb ko’plab imkoniyatlardan voz kechadi.

“Dunyoning qayeriga qaramang, shu holatga guvohmiz. Har bir jamiyatga xos muammolar ham bor albatta”,- deydi Shari Brayan.

Amerika qonunlari teng huquq va teng imkoniyat kafolatlaydi. Ammo hayotda ular hammaga ham birdek nasib etavermaydi.

Kongressda hozir ayollar soni har qachongidan ham ko’p - 535 a’zodan 100 nafari. Vakillar Palatasida 435 vakil bo’lsa, ulardan 80 nafari ayollar. 100 senatordan esa 20 nafari.

Vazir etib ilk bor Amerikada ayol kishi 1933-yilda prezident Franklin Ruzvelt davrida tayinlangan. Shundan beri bu xalq 25 vazirani ko’rdi. Davlat kotibidek muhim vazifaga uch bor ayol kishi munosib ko’rilgan bo’lsa, Moliya yoki Mudofaa vazirligi singari muhim organlarda ayollar uzog’i bilan vazir o’rinbosari lavozimiga ko’tarila olgan.

Ichki xavfsizlik, Sog’liqni saqlash, Tijorat, Transport, Mehnat, Qishloq xo’jaligi, Uy-joy, Energetika va Urush faxriylari bo'yicha vazirliklarini bir necha bor ayollar boshqargan.

To’rtinchi hokimiyat deb qaraladigan ommaviy axborot vositalarida xotin-qizlar ko’pchilikni tashkil etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG