Breaking News

Bayden g'alabasini nishonlarkan, Tramp sudga yo'llangan shikoyatlar natijasini kutmoqda


AQShda demokratlardan saylovda nomzod bo’lgan Jo Bayden g’alabasini nishonlayotgan bir paytda Prezident Donald Tramp ovozlarni hisoblashda qonunbuzarliklar bo’lganiga, ayrim shtatlarda ovozlar hali ham hisoblanayotganiga ishora qilmoqda.

Xalqaro hayot – 9-noyabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:52 0:00

Tramp ovozlarni soxtalashtirsh holatlari bo’yicha sud ishlari tugamasidan oldin saylov natijasini tan olmasligini aytadi.

“Ba’zi shaxslarning Jo Bayden g’alaba qilgani haqidagi bayonotlari ayojibdir. Ammo bu haqiqatdan yiroq, chunki ko’p shtatlarda yakuniy natija chiqqani yo’q hali”, - deydi Janubiy Dakotaning respublikachi gubernatori Kristi Noem.

Demokratik partiya rahbarlari respublikachilarni mamlakat birligi yo’lida mag’lubiyatni tan olishga yoki ovozlarni soxtalashtirishga doir dalillarni taqdim etishga chaqirmoqda.

“Prezident Trampning g’azabga to’la tvitlaridan tashqari dalillarni ham ko’rsak yaxshi bo’lardi”, - deydi Delaverdan saylangan demokrat senator Kris Kuns.

Bayden g’alaba qozongan taqdirda ham 20-yanvargacha Oq uyga kirolmaydi. Biroq u hozirdan koronavirusga qarshi kurash bilan shug’ullanish uchun tezkor guruh tuzishga kirishdi.

Kongressning inauguratsiya bo’yicha qo’shma qo’mitasi raisi, missurilik respublikachi senator Roy Blantning aytishicha, qasamyod marosimi rejaga ko’ra 20-yanvarda o’tkaziladi.

“Inauguratsiya kunida vitse-prezident Baydenni ham, Prezident Trampni ham sahnada ko’rishga umid qilaman. Qaysi tomon g’alaba qozonishidan qat’i nazar, bu to’g’ri qadam bo’ladi”, - deydi u.

Xitoy Baydenni prezidentlikka saylangani bilan tabriklashga shoshilmayapti.

“Tushunishimizcha, AQSh prezident saylovi natijasi bu mamlakat qonunlari va tartiblari asosida e’lon qilinadi”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.

Xitoy matbuotiga ko’ra, Bayden prezident bo’lsa, ikki davlat aloqalari, xususan, o’zaro savdo uchun yaxshi bo’ladi.

Tramp prezidentligi davrida AQSh Xitoy bilan savdo urushini boshlagan.

Saylov kampaniyasi paytida Tramp Baydenning g’alabasidan Xitoy foyda ko’rishini, Pekin Amerikadan foydalanishini ko’p marotaba aytgan edi.

Kreml ham rasmiy natijalar e’lon qilinganidan so’ngina Amerikadagi saylovlar bo’yicha izoh bildirishini ma’lum qilmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Baydenning ikki davlat o’rtasida qurol nazoratiga doir bitimni yangilashga hozirligini olqishlagan.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQShning keyingi ma’muriyati bilan ishlahga tayyor ekanini aytdi.

"Keyingi yil madaniyatli muloqot yo’lidan borishimizga umid qilaman”, - dedi u vazirlar bilan majlis paytida.

Maduro Tramp mag’lubiyatini nishonlarkan, “Demokratik partiya yutmadi, Tramp yutqazdi”, deb aytdi.

Tramp so’nggi yillarda Maduro hukumatini qator sanksiyalar bilan siylagan. Natijada Venesuela neft eksporti tushib ketib, mamlakat iqtisodiyoti tushkunlikka tushdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG