AQShning Viskonsin shtatida 23-avgust kuni qora tanli Jeykob Bleykning politsiya tomonidan otilishi ketidan ba’zi shaharlarda namoyishlar bo’lib o’tdi.
Bleyk yettita o’q yeganiga qaramay, tirik qoldi, biroq oilasiga ko’ra, belining pastki qismi shol bo’ldi.
Shundan bir necha kun o’tib, oq tanli o’smir namoyishchilarga o’q uzib, ikki odamni o’ldiradi. Uning miltiq ko’tarib politsiyachilar bilan yurgani tasvirlangan video yangi namoyishlarga turtki berdi, politsiya islohotiga da’vatlar yangidan yangradi.
Portlend shtatining Oregon shahrida Prezident Tramp tarafdorlari va “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati ishtirokchilari to’qnashib, bir odam o’lganidan so’ng irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlar bu shaharda ham o’tdi. Tramp tartibga, Ichki xavfsizlik vaziri Chad Vulf vazminlikka chaqirdi.
“Konstitutsiyaning Birinchi tuzatishidagi huquqingiz doirasida namoyish qilmoqchi bo’lsangiz, tinch namoyish qiling. Zo’ravonlikka qo’l urishingiz bilan Ichki xavfsizlik vazirligi e’tiboriga tushasiz va biz har qanday zo’ravonlikka barham berishga harakat qilamiz”, - dedi vazir.
Tramp demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Baydenni qonunsizlikka moyil deya tanqid qilarkan, Baydenning partiyadoshi, senator Eymi Klobuchar Tramp da’vosi asossiz ekanini aytib, umummamlakat namoyishlar hozirgi ma’muriyat paytida avjga chiqqaniga ishora qildi.
“Bu faqat bir joyda bo’layotgani yo’q. Butun mamlakat bo’ylab bo’lyapti. Donald Tramp prezidentligi paytida bo’lyapti. Bu rahbar Oq uy hovlisida turib, xavfsizroq bo’lishni istaysizmi deya so’raydi bizdan. Ammo Donald Trampning Amerikasida xavfsiz emasmiz”, - dedi qonunchi.
Prezident seshanba kuni Viskonsinning Jeykob Bleyk otilgan Kenosha shahriga borib, mahalliy politsiya bilan uchrashishi kutilmoqda.
Facebook Forum